Yangiliklar

Olimpiada va sport musobaqalari g‘oliblariga sayohat yo‘llanmasi beriladi

Respublika bosqichi g‘oliblariga 3 kunlik, hududiy bosqich g‘oliblariga esa 2 kunlik sayohat yo‘llanmasi beriladi
Endi sayyohlar to‘lagan QQSni qaytarib olishlari mumkin
Foto: Turizm

O‘zbekistonda fan olimpiadalari va sport musobaqalari g‘oliblarini «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat» yo‘llanmasi bilan rag‘batlantirish tartibi tasdiqlandi. Respublika bosqichi g‘oliblariga 3 kunlik, hududiy bosqich g‘oliblariga esa 2 kunlik sayohat yo‘llanmasi beriladi.

Hukumat qarori bilan ta’lim va sport yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkaziladigan fan olimpiadalari hamda sport musobaqalari g‘oliblarini rag‘batlantirish tartibi belgilandi. Unga ko‘ra, g‘olib o‘quvchi-yoshlarga «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat» yo‘llanmasi taqdim etiladi.

Respublika g‘oliblariga 3 kunlik sayohat beriladi

Respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan o‘quvchi-yoshlar O‘zbekiston hududidagi turistik obyektlarga 3 kunlik sayohat yo‘llanmasi bilan rag‘batlantiriladi.

Bu yo‘llanma fan olimpiadasi va sport musobaqalarida yuqori natija ko‘rsatgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Hududiy bosqich g‘oliblari boshqa viloyatga boradi

Viloyat darajasidagi musobaqalarda g‘olib bo‘lgan o‘quvchi-yoshlarga boshqa viloyat hududidagi turistik obyektlarga 2 kunlik sayohat yo‘llanmasi beriladi.

Sayohat kuni va joyi haqida yo‘llanmaga ega shaxslar tadbirdan 10 kun oldin xabardor qilinadi.

Xarajatlar tashkilotchilar tomonidan qoplanadi

Sayohat xarajatlariga transport xizmati, yashash va ovqatlanish, ekskursiyalar, gid xizmati, turizm obyektlariga kirish chiptalari hamda sayohat sug‘urtasi kiritiladi. Ushbu xarajatlar har yili tashkilotchilar tomonidan rejalashtiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonlik sayyohlarni himoya qilish uchun «Xavfsiz turizm» jamg‘armasi tashkil etilishi xabar qilingandi. Loyihaga muvofiq, chiqish turizmi bilan shug‘ullanuvchi turoperatorlar litsenziya olish uchun jamg‘armaga kamida $50 ming miqdorida zaxira mablag‘i kiritishi va uning kamayib ketmasligini ta’minlashi lozim bo‘ladi.