Yangiliklar

O‘zbekistonda olti oyda qariyb 25 ming oila ajrashdi

Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 1,5 mingtaga ko‘p
O‘zbekistonda ayollar orasida eng ko‘p nikoh 20-30 yosh oralig‘ida qayd etilgan
Foto: Hafiza Muxtorova / Kursiv Uzbekistan

2026-yilning yanvar—iyun oylarida O‘zbekistonda 24 ming 815 ta nikohdan ajralish qayd etildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 1,5 mingtaga ko‘p. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.

Ajrimlar soni oshgan

Unga ko‘ra, joriy yilning dastlabki olti oyida mamlakatda 24 815 ta nikohdan ajralish qayd etilgan. Har ming aholiga nisbatan ajrimlar koeffitsiyenti 1,3 promilleni tashkil etgan.

Taqqoslash uchun, 2025-yilning shu davrida 23 338 ta ajrim qayd etilgan. Shunday qilib, bir yil ichida ajrimlar soni qariyb 1,5 mingtaga oshgan.

Nikohlar soni kamaydi

Hisobot davrida O‘zbekistonda 92,3 mingta nikoh rasmiylashtirilgan. Har ming aholiga nisbatan nikoh koeffitsiyenti 4,9 promilleni tashkil etgan.

Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 3 ming taga kamaygan.

Eng ko‘p ajrim qaysi hududlarda

Hududlar kesimida eng ko‘p ajrim Toshkent shahrida qayd etilgan — 3 222 ta.

Keyingi o‘rinlarda:

  • Farg‘ona viloyati — 2 676 ta;
  • Samarqand viloyati — 2 608 ta;
  • Andijon viloyati — 2 471 ta;
  • Toshkent viloyati — 2 334 ta.

Ajrimlarning 60,1 foizi shaharlarda (14,9 mingta), 39,9 foizi esa qishloq joylarda (9,9 mingta) qayd etilgan.

Eng kam ajrim kuzatilgan hududlar

Statistikaga ko‘ra, eng kam ajrim Navoiy viloyatida qayd etilgan — 673 ta.

Shuningdek, Sirdaryo viloyatida 865 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 048 ta, Jizzax viloyatida 1 072 ta va Xorazm viloyatida 1 079 ta nikohdan ajralish holati ro‘yxatga olingan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tojikistonda olti oyda 423 nafar voyaga yetmaganlarga nikohga ruxsat berilgani haqida yozgandi.