Yangiliklar

Rossiya benzin eksportiga qo‘yilgan taqiqni yil oxirigacha uzaytirdi

Benzin eksportini taqiqlash bo‘yicha cheklov 2026-yil yakunigacha uzaytirilgan
Qirg‘iziston benzin va dizel eksportini muddatsiz taqiqladi
Foto: Kursiv Uzbekistan

Rossiya hukumati mamlakatda yonilg‘i ta’minotini barqarorlashtirish maqsadida benzin eksportiga qo‘yilgan taqiqni 2026-yil oxirigacha uzaytirdi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novakka tayanib «Interfaks» nashri xabar berdi.

Cheklov benzin ishlab chiqaruvchilar hamda eksport qiluvchi boshqa kompaniyalarga ham tatbiq etiladi.

Qaror yil oxirigacha amal qiladi

Benzin eksportini taqiqlash bo‘yicha cheklov 2026-yil yakunigacha uzaytirilgan. Novakning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror benzin ishlab chiqaruvchi va ishlab chiqarmaydigan barcha eksportchilarga birdek tatbiq etiladi.

Dizel eksporti keyinroq tiklanadi

Novakning aytishicha, dizel eksportiga qo‘yilgan taqiq esa ichki bozor to‘liq ta’minlanib, vaziyat barqarorlashgach bekor qilinadi. Shundan so‘ng Rossiya dizel eksportini qayta yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.

Sabab – logistika va ichki bozor

Avvalroq Rossiya hukumati logistika bilan bog‘liq muammolar tufayli yonilg‘i yetkazib berishda uzilishlar kuzatilayotganini ma’lum qilgandi. Shu sababli 2026-yil 1-apreldan benzin, 8-iyuldan esa dizel eksportiga vaqtinchalik taqiq joriy etilgan edi. Benzin eksportiga qo‘yilgan cheklov dastlab 31-iyulgacha amal qilishi rejalashtirilgan bo‘lsa, endilikda u 2026-yil oxirigacha uzaytirildi.

Bundan oldin Kursiv Uzbekistan Qirg‘iziston benzin va dizel eksportini muddatsiz taqiqlagani haqida yozgandi.