
O‘zbekistonda chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazmasdan joylashtirgan tashkilotlar javobgarligini kuchaytirish rejalashtirilmoqda. Tegishli qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 22-iyuldagi majlisida birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Qonun loyihasi migratsiya tartiblarini takomillashtirishga qaratilgan
Deputatlar «Migratsiya sohasidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi.
Qayd etilishicha, turizmni rivojlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish nuqtayi nazaridan chet el fuqarolarining O‘zbekistonga kelishi va bu yerda bo‘lishi bilan bog‘liq tartiblarni soddalashtirish ishlari davom etmoqda.
Turistlar oqimi 27 foizga oshgan
Hozirda 80 dan ortiq davlat fuqarolari uchun O‘zbekistonga vizasiz kirish tartibi joriy etilgan. Shuningdek, elektron viza berish mexanizmlari ham yo‘lga qo‘yilgan.
Natijada joriy yilning besh oyida O‘zbekistonga kelgan xorijiy turistlar soni 27 foizga oshib, 5,5 mln nafarni tashkil etgan.
Mehmonxonalar va klinikalar ro‘yxatga olishga majbur
Amaldagi tartibga ko‘ra, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar mehmonxona, motel, turistik lager, dam olish uyi, sanatoriy, davolash pansionati, davlat yoki xususiy klinika, shifoxona va kasalxonalarga joylashganda, ushbu tashkilotlar ularni kelgan vaqtning o‘zida ro‘yxatga olishi kerak.
Biroq ayrim hollarda xorijliklar belgilangan tartibda turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilmayotgani qayd etildi.
«E-mehmon» tizimiga kiritmaslik uchun javobgarlik oshiriladi
Qonun loyihasida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni «E-mehmon» axborot tizimiga kiritmaslik yoki ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyatini bajarmaslik uchun javobgarlikni kuchaytirish taklif etilmoqda.
Bu tartib xorijliklarning O‘zbekistonda bo‘lishi bilan bog‘liq hisob va nazorat tizimini yaxshilashga qaratilgan.
Atamalar birxillashtiriladi
Qonun loyihasi bilan amaldagi hujjatlar 2025-yil 10-iyulda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida»gi qonun normalariga moslashtirilmoqda.
Xususan, amaldagi kodeks va qonunlardagi «doimiy yashash joyi» hamda «vaqtinchalik yashash joyi» tushunchalari tegishincha «yashash joyi» va «turgan joyi» tushunchalari bilan almashtiriladi.
Majlisda ayrim normalarni aniqlashtirish va huquqni qo‘llash amaliyoti nuqtayi nazaridan takomillashtirish bo‘yicha takliflar ham ilgari surildi. Muhokamadan so‘ng qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda qariyb 57 ming xorijlik yashayotgani ochiqlangandi. Davlatlar kesimida eng ko‘p ko‘rsatkich Hindiston fuqarolariga tegishli – 13 312 nafar. Keyingi o‘rinlarda Rossiya Federatsiyasi – 10 826 nafar, Qozog‘iston – 9 425 nafar, Tojikiston – 5 722 nafar, Turkmaniston – 5 347 nafar va Qirg‘iziston – 4 397 nafar fuqarosi qayd etilgan.