Yangiliklar

Samarqandda «samosud»: 35 yoshli erkakni urganlarga nisbatan ish ochildi

Voqea 23-iyul kuni soat 20:10 atrofida Samarqand shahrida sodir bo‘lgan
Samarqandda «samosud»: 35 yoshli erkakni urganlarga nisbatan ish ochildi
Foto: Videodan olindi

Samarqand shahrida qo‘shnilar o‘rtasidagi janjal mushtlashuvga aylanib ketdi. Oqibatda uch kishi 35 yoshli erkakka tan jarohati yetkazgan, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.

Janjalga yana uch kishi aralashgan

Voqea 23-iyul kuni soat 20:10 atrofida Samarqand shahrida sodir bo‘lgan.

35 yoshli fuqaro o‘zining 52 yoshli qo‘shnisi bilan tortishib qolgan. Mojaroga qo‘shnining 27 yoshli o‘g‘li hamda yana ikki nafar tanishi aralashib, qarshi tomonni urib-tepib, unga tan jarohati yetkazgan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Mazkur voqea aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganidan so‘ng, shu kunning o‘zida tergovga qadar surishtiruv ishlari boshlangan.

Samarqand shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «b» bandi (bir guruh shaxslar tomonidan bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mazkur modda bilan aybdor deb topilgan shaxslar 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlariga, 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolaridan biriga hukm qilinishi mumkin.

Hozirda holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qashqadaryoda kelinini o‘z joniga qasd qilish darajasiga yetkazgan qaynona 5 yilga qamalgani haqida yozgandi.