
Argentina salkam 15 yillik taqiqdan so‘ng, 2026-yilda elektron sigaretlar bozorini butunlay yopish o‘rniga, ularni qat’iy nazorat ostida sotishga ruxsat berishga qaror qildi. Hukumatning tushuntirishicha, qog‘ozdagi taqiq odamlarni chekishdan to‘xtata olmagan, aksincha, butun savdoni «qora bozor»ga haydagan. Oqibatda davlat vape suyuqliklari tarkibini, ulardagi nikotin miqdorini va qurilmalarning xavfsizligini tekshira olmay qolgan. Ammo bu islohotga qarshilar ham bor. Ularning fikricha, muammo taqiqning o‘zida emas, balki qonunlarning qog‘ozda qolib ketganida edi. Ular endi «davlat qonuniy bozorni qanday qilib nazorat qila oladi?» degan savolni o‘rtaga tashlashmoqda.
Ushbu yangi yondashuv Sog‘liqni saqlash vazirligining 549/2026-sonli rezolyutsiyasi hamda Dori vositalari, oziq-ovqat va tibbiy texnologiyalar milliy ma’muriyati (ANMAT)ning 2543/2026-sonli qarorida belgilab qo‘yildi. Ushbu hujjatlar bilan tamakini qizdiruvchi moslamalarga (2023-yildan beri amalda bo‘lgan) hamda elektron sigaretlarni import qilish va reklama qilishga (2011-yildan beri amalda bo‘lgan) qo‘yilgan taqiqlar bekor qilindi. Lekin bu hamma xohlaganicha sotaveradi degani emas: endi har bir mahsulot qattiq tekshiruvdan o‘tib, ro‘yxatdan o‘tishi shart.
Argentina nega taqiqlash siyosatidan voz kechdi
ANMAT qarorida ochiq-oydin yozilishicha, mutlaq taqiq tez o‘zgarayotgan bozor sharoitida faqat noqonuniy savdoni kuchaytirishga xizmat qiladi. «Qora bozor»da esa tarkibi va sifati noma’lum, xavfli moddalar bemalol sotilaveradi. Shuning uchun davlat xavfni butunlay rad etish emas, balki uni boshqarish yo‘lini tanladi: ya’ni mahsulotlarni qonuniylashtirib, ularning sifati va xavfsizligini nazorat qilish.
Bunga yana bir jiddiy sabab bor edi: maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomaga (SEDRONAR tadqiqotiga) ko‘ra, o‘smirlarning 35,5 foizi veyp yoki elektron sigaretlardan foydalanib ko‘rgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi buni rasmiy taqiqlar o‘smirlarni amalda asray olmaganining isboti deb hisoblaydi.
Rezolyutsiyada quyidagi xulosa keltirilgan: «Hech bir tamaki mahsuloti zararsiz emasligi sababli, har bir mahsulot uning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib alohida tartibga solinishi kerak. Qarorlar qabul qilish bo‘yicha yo‘nalishlarni belgilash, chekishning oldini olish va undan voz kechishga ko‘maklashish uchun muntazam nazorat hamda monitoring olib borish zarur».
Shunday qilib, islohotning maqsadi nikotinli mahsulotlarning xavfsizligini tan olish emas, balki amalda mavjud bo‘lgan bozor ustidan nazoratni kuchaytirish, voyaga yetmaganlarni himoya qilish va real iste’mol to‘g‘risida ma’lumot to‘plash sifatida belgilangan.
Qaysi mahsulotlarni sotish mumkin bo‘ladi
Yangi tizim elektron sigaretlar va ular uchun suyuqliklar, tamakini qizdirish qurilmalari va stiklar, shuningdek, nikotinli yostiqchalarni qamrab oladi. Ushbu toifalar uchun Tamaki va nikotin mahsulotlarining yagona reyestri — RPTN tashkil etiladi.
Ishlab chiqaruvchi yoki importchi maxsus platforma orqali ariza topshirishi kerak. Arizaga mahsulot formulasi, har bir tarkibiy qismning konsentratsiyasi va toksikologik ma’lumotlari, komponentlar va ajralib chiqadigan moddalar bo‘yicha laboratoriya tahlili, sifat nazorati sertifikati, qadoqlash va bolalar foydalanishidan himoya qilish mexanizmi tavsifi, yo‘riqnoma hamda distribyutsiya rejasi ilova qilinadi. Import qilinadigan mahsulot hukumat belgilagan ro‘yxatdagi xorijiy tartibga soluvchi organlardan kamida bittasi tomonidan ma’qullanganini tasdiqlovchi hujjat ham talab etiladi.
Ariza topshirish qiymati mamlakatda sotilayotgan eng qimmat sigaretlarning 2 ming qutisi narxiga bog‘langan. Hujjatlarning to‘liq to‘plami taqdim etilgach, ro‘yxatga olish raqami besh ish kuni ichida berilishi kerak. U mahsulotni besh yil davomida sotish huquqini beradi va har bir qadoqda ko‘rsatilishi lozim. Shu bilan birga, tartibga soluvchi organ tekshiruvlar o‘tkazish, ruxsatnomani bekor qilish va mahsulotni bozordan olib tashlashni talab qilish huquqiga ega.
Suyuqliklar, stiklar va nikotinli yostiqchalar uchun cheklovlar
Argentina mahsulot tarkibi va konstruksiya bo‘yicha aniq cheklovlar o‘rnatdi. Suyuqliklardagi nikotin konsentratsiyasi 20 mg/ml dan past, rezervuar hajmi esa 2 ml dan oshmasligi kerak. Bunday chegara Yevropa Ittifoqi va Kanadada amal qilayotgan me’yorlarga mos keladi. Faqat tamaki ta’miga ruxsat beriladi. Sintetik nikotin va uning analoglari, shirinlashtiruvchi moddalar, kofein, taurin, vitaminlar hamda salomatlik uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan qator boshqa moddalar taqiqlanadi.
Oldindan suyuqlik bilan to‘ldirilgan bir martalik elektron sigaretlarni import qilish va sotishga yo‘l qo‘yilmaydi. Qurilmalarda o‘yinlar, musiqa yoki ularni yoshlar uchun yanada jozibador qilishi mumkin bo‘lgan boshqa funksiyalar bo‘lmasligi kerak. Akkumulyatorlar uchun xavfsizlik standarti, tamakini qizdirish tizimlari uchun esa texnik harorat cheklovi nazarda tutilgan.
Tamakini qizdirish uchun mo‘ljallangan bitta stik tarkibida ko‘pi bilan 5 mg nikotin bo‘lishi mumkin. Faqat tamaki ta’miga ruxsat etiladi. Nikotinli yostiqchalar uchun esa bitta mahsulotga 8 mg chegara belgilangan. Ularda tamaki va mentol ta’mlaridan foydalanish mumkin. Mahsulot formulasining o‘zgartirilishi uni qaytadan ro‘yxatdan o‘tkazishni talab qiladi.
Qadoq bolalar uchun jozibador bo‘lgan buyumlarga o‘xshamasligi, unda mashhur shaxslar, sportchilar yoki hayvonlar tasviridan foydalanilmasligi kerak. Qadoqda mahsulotning zarari kamligi yoki xavfsizroq ekani haqidagi yozuvlar taqiqlanadi. Shuningdek, mahsulot chekishni tashlash vositasi sifatida tasdiqlanmagani haqida yozuv bo‘lishi lozim. Sanitariya ogohlantirishi qadoqning old va orqa tomonining 50 foizini egallaydi.
Yangi toifalarga 26.687-sonli milliy qonun talablari ham tatbiq etiladi. Hujjat tamaki va unga tenglashtirilgan mahsulotlarni 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga sotishni taqiqlaydi. Reklama, targ‘ibot va homiylikka umuman olganda yo‘l qo‘yilmaydi.
Islohotning foydasi bo‘yicha bahslar
Yangi yo‘nalish tarafdorlari davlat nihoyat tekshirilgan mahsulotlarni noqonuniy mahsulotlardan ajratish imkoniyatiga ega bo‘ladi, deb hisoblamoqda. Kardiolog Sebastyan Shans Infobae nashriga bergan intervyusida yangi tartib mahsulot tarkibini nazorat qilish va norasmiy savdo kanallarini qisqartirish uchun vositalar yaratishini aytdi. Shu bilan birga, u veyplarni zararsiz deb hisoblash mumkin emasligini va asosiy vazifa, ayniqsa, yoshlar orasida yangi iste’molchilar paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik ekanini ta’kidladi.
Islohotga qarshi tomon boshqa muammoga e’tibor qaratmoqda: qoidalarning mavjudligi hali ularning bajarilishini anglatmaydi. Amerikalararo yurak jamg‘armasining Argentinadagi bo‘limi — FIC Argentina advokatsiya yo‘nalishi koordinatori Mario Bedosti an’anaviy tamaki mahsulotlarini reklama qilish bo‘yicha cheklovlar ham muntazam ravishda buzilayotgani, nazorat va jazo mexanizmlari esa yetarlicha samarali ishlamayotganini ma’lum qildi.
«Davlat yangi qoidalarga rioya etilishini qanday ta’minlashi borasida shubhalanish uchun asoslar mavjud», — dedi ekspert. Uning fikricha, elektron qurilmalar va nikotinli yostiqchalar bozori nazorat organlari uchun an’anaviy sigaretlarga qaraganda ham murakkabroq vazifa hisoblanadi.
FIC Argentina soliq masalasiga ham e’tibor qaratmoqda. Rezolyutsiyada ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lov joriy etilgan, biroq hujjatning o‘zi barcha yangi toifalar uchun to‘laqonli aksiz modelini yaratmaydi. Tashkilot nikotinli mahsulotlar sigaretlardan arzon bo‘lib qolmasligi va shu orqali o‘smirlar uchun yanada qulay mahsulotga aylanmasligi uchun ichki soliqlar tizimini yangilashga chaqirmoqda.
Boshqa mamlakatlar nimalarni hisobga olishi mumkin
Argentina tajribasi tanlov faqat «taqiqlash yoki ruxsat berish» kabi oddiy muqobil bilan cheklanmasligini ko‘rsatmoqda. Tartibga solinadigan model kamida to‘rtta ishlaydigan elementni talab qiladi: mahsulotlarni shaffof mezonlar asosida bozorga chiqarish, yetkazib berish zanjirini nazorat qilish, soliq tizimi hamda chakana savdo va reklama ustidan real nazorat. Ushbu elementlardan biri ishlamasa, qonuniy bozor yashirin bozorni siqib chiqarmasdan, u bilan parallel ravishda mavjud bo‘lishi mumkin.
Samaradorlik ko‘rsatkichlarini oldindan belgilash ham muhim. Davlat ro‘yxatdan o‘tkazilgan mahsulotlar soni, laboratoriya tekshiruvlari natijalari, musodara qilingan mahsulotlar hajmi, savdo nuqtalari va internetdagi qonunbuzarliklar, kattalar hamda o‘smirlar orasidagi iste’mol ko‘rsatkichlari, shuningdek, soliq tushumlari haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilib borishi kerak. Argentina rezolyutsiyasining o‘zi savdo hajmi, realizatsiya kanallari va xaridorlarning yoshi to‘g‘risida ma’lumot yig‘ishni nazarda tutadi. Biroq ushbu mexanizm samaradorligi hisobotlarning muntazamligi va sifatiga bog‘liq bo‘ladi.
Bu tajriba O‘zbekiston uchun siyosat yo‘nalishlarining qarama-qarshiligi sababli ayniqsa qiziq. 2026-yil 1-martdan boshlab mamlakatda nikotinni elektron yetkazib berish tizimlari, jumladan, elektron sigaretlar va ular uchun suyuqliklar muomalasi taqiqlandi. Qonunda bunday mahsulotlarni noqonuniy ishlab chiqarish, saqlash, tashish, sotish, olib kirish va olib chiqish uchun ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik ham belgilangan. Nikotinli pauchlar esa O‘zbekistonda bir necha yildan buyon taqiqlangan.
Argentina ayni davrda, aksincha, taqiqdan nazorat ostidagi ruxsat berish tizimiga o‘tishni boshladi. Ikki modelning muvaffaqiyatini qonundagi talablarning qanchalik qat’iy ifodalangani bilan emas, balki amaliy natijalar orqali taqqoslash mumkin bo‘ladi. Bunda mahsulotlarning voyaga yetmaganlar uchun qanchalik ochiqligi, noqonuniy bozor ko‘lami, nazorat sifati va iste’mol dinamikasi asosiy mezon bo‘lib xizmat qiladi.
Argentina islohotining hozirgi asosiy xulosasi tartibga solish modeli o‘z ustunligini allaqachon isbotladi, degan fikrda emas. Mamlakat faqat rasmiy taqiq va amaldagi nazorat bir xil narsa emasligini tan oldi. Endi Argentina ro‘yxatdan o‘tkazish, texnik standartlar va monitoring avvalgi tizimga qaraganda yaxshiroq ishlashini amalda tasdiqlashi kerak.
