Yangiliklar

Tibbiyot xodimlari farzandlari uchun kontrakt subsidiyasi ishga tushdi

Subsidiya yillik to‘lov-kontrakt summasining 30 foizini qoplaydi
Davlat tibbiyot muassasalari uchun litsenziya olish majburiy bo‘ladi
Foto: Pexels.com

Davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ishlagan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining farzandlari uchun oliy ta’lim kontraktining bir qismini qoplab berish tizimi ishga tushdi. Subsidiya yillik to‘lov-shartnoma summasining 30 foizini qoplaydi, biroq bu miqdor BHMning 15 baravaridan oshmaydi.

Kimlar subsidiya olishi mumkin

Subsidiya davlat tibbiyot muassasasida hozir ishlayotgan va kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan tibbiyot yoki farmatsevtika xodimlarining farzandlariga beriladi.

Farzand respublika oliy ta’lim tashkilotida bakalavriat yo‘nalishida o‘qiyotgan yoki talabalikka tavsiya etilgan bo‘lishi kerak.

Qancha mablag‘ qoplab beriladi

Kontrakt summasining 30 foizi qoplab beriladi. Biroq subsidiya miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan oshmasligi lozim.

Masalan, yillik kontrakt 20 mln so‘m bo‘lsa, uning 30 foizi 6 mln so‘mni tashkil etadi va shu miqdor qoplab beriladi. Agar kontrakt 25 mln so‘m bo‘lsa, 30% 7,5 mln so‘mga teng bo‘ladi, ammo subsidiya BHMning 15 baravari bilan cheklanadi.

Arizalar qayerda qabul qilinadi

Arizalar subsidiya.imv.uz tizimi orqali qabul qilinmoqda. Shuningdek, ariza beruvchi Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilishi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron ariza topshirishi mumkin.

Ariza beruvchidan arizada ko‘rsatilgan ma’lumotlardan tashqari boshqa hujjatlar talab qilinmaydi. Xizmat bepul ko‘rsatiladi.

Bir nechta farzand uchun ham ariza berish mumkin

Bir ariza beruvchi bir vaqtning o‘zida bir nechta farzandi uchun ariza berishi mumkin. Bunda subsidiya har bir farzand bo‘yicha alohida hisoblanadi va to‘lanadi.

Subsidiya naqd pul shaklida berilmaydi. Mablag‘ oliy ta’lim tashkilotining hisobvarag‘iga maqsadli to‘lov sifatida o‘tkaziladi.

Tekshiruvlar elektron tarzda amalga oshiriladi

Ariza beruvchining ish joyi va ish staji Yagona milliy mehnat tizimi orqali tekshiriladi. Farzand bilan qarindoshlik FHDY axborot tizimi orqali, talabalik holati va kontrakt miqdori esa HEMIS tizimi orqali aniqlanadi.

Agar ariza talablarga mos bo‘lsa, subsidiya bo‘yicha reyestr shakllantiriladi va mablag‘ oliy ta’lim muassasasiga o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ipoteka subsidiyasi uchun arizalar 27-iyuldan qabul qilinishi haqida xabar berilgandi. Arizalarni Davlat xizmatlari markazlari, myGov mobil ilovasi yoki my.gov.uz portali orqali topshirish mumkin.