Yangiliklar

Xorijiy va nodavlat OTMlar uchun qancha davlat granti ajratildi

1 452 ta grant tasdiqlandi
Xorijiy va nodavlat OTMlar uchun qancha davlat granti ajratildi
Foto: depositphotos.com

2026/2027-o‘quv yili uchun O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga davlat grantlari tasdiqlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining tegishli buyrug‘i e’lon qilindi.

Grantlar uchun alohida test sinovlari o‘tkaziladi.

1 452 ta grant tasdiqlandi

2026/2027-o‘quv yili uchun respublikadagi xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga 1 452 ta davlat buyurtmasi parametrlari tasdiqlandi.

Foto: Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi

Grant tanlovida kimlar qatnashishi mumkin

Qabul jarayonlari iyun–sentabr oylarida yakunlangach, xorijiy va nodavlat OTMlarga to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar grant ajratilgan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tanlovda ishtirok etish imkoniga ega bo‘ladi.

Shuningdek, davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida qatnashib, talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar ham to‘plagan ballari asosida mos bakalavriat yo‘nalishlari bo‘yicha ushbu grant tanlovida qatnashishi mumkin.

Tanlov qanday o‘tkaziladi

Grant uchun da’vogarlar belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tadi va buning uchun PQ–4319-son qaroriga muvofiq to‘lov amalga oshiriladi.

Ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar uchun alohida test sinovlari tashkil etiladi. Yakuniy ro‘yxat test natijalari bo‘yicha to‘plangan ballar ketma-ketligiga asosan shakllantirilib, tegishli oliy ta’lim muassasalariga taqdim etiladi.

Muddatlar keyinroq e’lon qilinadi

Vazirlik ma’lum qilishicha, grant tanlovi uchun ro‘yxatdan o‘tish va test sinovlarini o‘tkazishning aniq muddatlari qabul jarayonlari to‘liq yakunlangach qo‘shimcha ravishda e’lon qilinadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan qaysi yo‘nalishlarda grantlar oshgani haqida yozgandi.