Yangiliklar

Yashnobodda aholi e’tiroz bildirgan qurilish bekor qilindi. O‘rniga nima quriladi

Endilikda mazkur hududda bolalar maydonchasi, sport maydoni va yashil hudud barpo etiladi
Yashnobodda aholi e’tiroz bildirgan qurilish bekor qilindi. O‘rniga nima quriladi
Foto: Videodan olindi

Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi Cho‘lpon mahallasida turarjoylar orasida ko‘p qavatli uy qurilishi uchun boshlangan loyiha bekor qilindi. Endilikda mazkur hududda bolalar maydonchasi, sport maydoni va yashil hudud barpo etiladi.

Bir yildan ortiq davom etgan bahs

Mahalla aholisi futbol maydoni, bolalar maydonchasi va mahalla binosi joylashgan hududda ko‘p qavatli uy qurilishiga qarshi chiqib, bir yildan ortiq vaqt davomida uchta sud instansiyasida o‘z huquqlarini himoya qilishga uringan.

25-iyul kuni tuman hokimi Baxtiyor Rahmonqulov aholi bilan uchrashib, mazkur hududda qurilish ishlari davom ettirilmasligini ma’lum qildi.

Kotlovan ko‘mildi, to‘siqlar olib tashlandi

27-iyul kuni qurilish uchun qazilgan chuqur ko‘milib, hududni o‘rab turgan to‘siqlar demontaj qilindi.

Mahalla faollarining aytishicha, bu yerda bolalar maydonchasi, stadion va yashil hudud tashkil etiladi.

Loyiha aholi takliflari asosida ishlab chiqiladi

Tuman hokimi mahalla aholisidan bolalar va sport maydonchalari hamda ayvonning joylashuvi bo‘yicha o‘z takliflarini eskiz ko‘rinishida taqdim etishni so‘radi. Bildirilgan takliflar loyiha hujjatlarini tayyorlashda inobatga olinishi ma’lum qilindi.

Shuningdek, avval rejalashtirilganidek ushbu hududda mahalla binosi qurilmasligi ta’kidlandi. Uning yangi joyi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari o‘rganilgach belgilanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Buxoro shahriga qariyb 4 ming gektar hudud qo‘shilishi haqida yozgandi.