Yangiliklar

Yevro banknotlarining yangi dizaynlari taqdim etildi — foto

Yevropa mamlakatlari fuqarolari 21-sentabrga qadar ommaviy ovoz berishlari mumkin
Yevro banknotlarining yangi dizaynlari taqdim etildi — foto
Foto: Dizayn A

Yevropa Markaziy banki yevro banknotlarining yangi ko‘rinishini tanlash uchun 10 ta yakuniy dizayn variantini e’lon qildi. Bu 2002-yilda yevro muomalaga kiritilganidan buyon banknotlar dizaynining ilk bor to‘liq yangilanishi bo‘ladi, deya xabar berildi bank rasmiy sahifasida.

Ikki mavzu asosida ishlab chiqildi

Yangi dizaynlar ikki yo‘nalishda tayyorlangan. Birinchisi — «Yevropa madaniyati» bo‘lib, unda san’at, adabiyot, ilm-fan va tinchlik yo‘lida faoliyat yuritgan mashhur shaxslar hamda Yevropaning madaniy merosi aks ettirilgan.

Ikkinchi yo‘nalish — «Daryolar va qushlar» mavzusi bo‘lib, u qit’aning tabiiy boyliklari va Yevropa mamlakatlari birdamligi g‘oyasini ifodalaydi.

Aholi eng yaxshi dizaynni tanlaydi

Yevropa mamlakatlari fuqarolari 21-sentabrga qadar ommaviy ovoz berish orqali o‘zlariga ma’qul dizaynni tanlashi mumkin. Yakuniy variantni Yevropa Markaziy banki Boshqaruvchilar kengashi 2026-yil oxirigacha tasdiqlashi rejalashtirilgan.

Yangi banknotlar bir necha yildan keyin muomalaga chiqariladi. Hozirgi yevro banknotlari esa qonuniy to‘lov vositasi sifatida amal qilishda davom etadi.

Mashhur shaxslar tasvirlangan

«Yevropa madaniyati» mavzusidagi dizaynlarda opera xonandasi Mariya Kallas, bastakor Lyudvig van Betxoven, olima Mariya Kyuri, yozuvchi Migel de Servantes, rassom va ixtirochi Leonardo da Vinchi hamda tinchlik faoli Berta fon Zutner tasvirlangan.

10 ta eng yaxshi loyiha saralab olindi

Banknotlar dizayni bo‘yicha tanlovga Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan 1 241 ta ariza kelib tushgan. Ulardan 25 nafar dizayner tanlab olinib, jami 39 ta loyiha taqdim etgan. Grafik dizayn, tarix va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha 21 nafar mutaxassisdan iborat hakamlar hay’ati anonim baholash natijasida eng yaxshi 10 ta dizaynni final bosqichiga chiqargan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy bank 500 ming so‘mlik banknot haqidagi xabarlarni rad etgani haqida yozgandi.