Yangiliklar

Adliya kontrafaktga qarshi 2 yangi vakolat oldi

Intellektual mulk huquqlarini muntazam ravishda buzadigan shaxslarning davlat xaridlarida ishtirok etishini cheklash masalasi ham ko‘rib chiqilgan
Adliya kontrafaktga qarshi 2 yangi vakolat oldi
Foto: Oliy Majlis

O‘zbekistonda Adliya organlariga kontrafakt mahsulotlarni aniqlash bo‘yicha nazorat xaridlarini mustaqil tashkil etish hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda yashirin ishlab chiqarish holatlarini fosh etish vakolatlari berildi. Bu haqda Oliy Majlis matbuot xizmati ma’lum qilindi.

Deputatlar mualliflik va turdosh huquqlarni buzgan yuridik shaxslar uchun moliyaviy javobgarlik mexanizmlarini joriy etish masalasiga ham e’tibor qaratgan. Bundan tashqari, ma’muriy huquqbuzarliklar doirasida xususiy ayblov va yarashuv institutlarini amaliyotga tatbiq etish taklif qilindi.

Tovar belgilarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini soddalashtirish ham qonunchilikni takomillashtirishning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rsatildi. Shuningdek, intellektual mulk obyektlarini kredit ta’minoti sifatida garovga qo‘yish uchun huquqiy mexanizmlar yaratish rejalashtirilmoqda.

Qanday masalalar ko‘rib chiqildi

Intellektual mulk huquqlarini muntazam ravishda buzadigan shaxslarning davlat xaridlarida ishtirok etishini cheklash masalasi ham ko‘rib chiqildi. Mazkur choralar kontrafakt mahsulotlar tarqalishining oldini olish va qonuniy faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan.

Majlisda keyingi yillarda O‘zbekistonda intellektual mulkni huquqiy muhofaza qilish, milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirish, innovatsion faoliyatni rag‘batlantirish va mahalliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Avvalroq «Kursiv» noqonuniy qaror oqibatida yetkazilgan zararni qoplash tartibi belgilangani haqida yozgan edi.