
Chevrolet Cobalt va Onix, Lamin Yamal uyi, «Jora Tashkentskiy» — 28-iyul kuni e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Jenevada O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha yig‘ilish boshlandi — fotoreportaj

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Ishchi guruhning 13-yig‘ilishi Shveysariyaning Jeneva shahrida boshlandi. Muzokaralar JST qarorgohi joylashgan Uilyam Rappard markazida yuzma-yuz shaklda o‘tkazilmoqda.
Yig‘ilish 27-iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 10:00 da boshlandi. JSTning rasmiy taqvimida O‘zbekiston bo‘yicha Ishchi guruh majlislari 27 – 28-iyul kunlari soat 10:00 ga belgilangan. Bu muzokaralar zarurat tug‘ilganda ikkinchi kuni ham davom etishini anglatadi.
Chevrolet Cobalt va Onix: qaysi biri yaxshi

O‘zbekiston avtomobil bozorida Chevrolet Cobalt va Onix bir-biriga eng ko‘p solishtiriladigan sedanlardan hisoblanadi. «O‘zavtosanoat» AJ ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyun oylarida 40 936 dona Cobalt va 19 595 dona Onix sotilgan. Kursiv Uzbekistan ikki modelni taqqosladi, eskpertlar fikri bilan qiziqdi.
Lamin Yamal qanday uyda yashaydi — foto

«Barselona» va Ispaniya terma jamoasi hujumchisi Lamin Yamal faoliyatidagi muvaffaqiyatlardan so‘ng ko‘chmas mulk bozorida ham katta xaridni amalga oshirdi. Futbolchi Barselona yaqinidagi Espluges-de-Lobregat hududida joylashgan hashamatli uyda yashaydi.
Mazkur qarorgoh avval «Barselona»ning sobiq himoyachisi Jerar Pike va kolumbiyalik xonanda Shakiraga tegishli bo‘lgan.
Dollar oshdi: 29-iyul uchun valyutalar kursi e’lon qilindi

29-iyul uchun valyutalar kursi yangilandi. Unga ko‘ra, dollar kursi 61,42 so‘mga oshib, 12 050,34 so‘mni tashkil etdi. Bu narx Valyuta birjasida bo‘lib o‘tgan savdolar asosida shakllantirildi.
Yevro kursida ham tushish kuzatildi. Yevropa valyutasi 21,8 so‘mga oshib, 13 685,57 so‘m bo‘ldi. Rossiya rubli pasaydi. Rubl kursi 0.2 so‘mga tushib, 153.29 so‘mni tashkil qildi.
«Jora Tashkentskiy» Misrda qo‘lga olinib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi

Jinoyat olamida «Jora Tashkentskiy» laqabi bilan tanilgan Georgiy Sorokin Misrning Sharm el-Shayx shahrida qo‘lga olinib, O‘zbekistonga olib kelindi. Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, u tovlamachilik bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida qidiruvda bo‘lgan.
Sorokin Georgiy 1972-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U «Jora Tashkentskiy» va «Soroka» laqablari bilan tanilgan. So‘nggi yillarda Dubayda yashaganini, Rossiya fuqarosi ekanini va manzili Moskva shahrida ekanini bildirgan. Shuningdek, u jinoiy avtoritetlar bilan aloqasi yo‘qligini aytgan.
Shveysariya sudi Lombard Odier bankini Karimova ishi bo‘yicha jarimaga tortdi

Shveysariya sudi xususiy Lombard Odier bankini pul yuvishning oldini olish choralarini yetarli darajada ko‘rmagani uchun 3 mln Shveysariya franki ($3,68 mln) miqdorida jarimaga tortdi. Shu bilan birga, sud O‘zbekistonning sobiq prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaga nisbatan Shveysariyadagi ish yurituvini to‘xtatdi.
Reuters yozishicha, Jenevada joylashgan Lombard Odier banki va uning sobiq xodimi Karimovaning ehtimoliy jinoiy faoliyatidan olingan mablag‘larni yashirishga imkon yaratganlikda ayblangan edi. Mazkur ish bo‘yicha sud jarayoni aprel oyida boshlangan.
Bentley, Ferrari va Mercedes: Dembele qanday avtomobillardan foydalanadi

PSJ futbolchisi Usmon Dembele maydondagi muvaffaqiyatlaridan tashqari, qimmatbaho avtomobillar kolleksiyasi bilan ham e’tiborni tortmoqda. Uning garajida Bentley Bentayga Mansory, Mercedes-Maybach S-Class, Mercedes-AMG G 63, Audi RS7 va Ferrari F8 Tributo kabi modellar bor.
Zidan Fransiya terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi

Fransiya futbol federatsiyasi Zinedin Zidanni mamlakat milliy terma jamoasining yangi bosh murabbiyi etib rasman tayinladi. U 14 yil davomida jamoani boshqargan Dide Desham o‘rnini egalladi.
54 yoshli mutaxassis terma jamoa bilan 2030-yilgi Jahon chempionatigacha mo‘ljallangan to‘rt yillik shartnoma imzoladi. Bu uning 2021-yilda Madridning «Real» klubini tark etganidan keyingi ilk murabbiylik faoliyati bo‘ladi.
1-avgustdan O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi

Kursiv Uzbekistan 1-avgustdan O‘zbekistonda yuz beradigan o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumotlarni bir joyga jamladi.
Yangi harflar, eski muammo: alifbo masalasi yana muhokama markazida

«Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida»gi Qonunga oʻzgartirish kiritish masalasi soʻnggi yillarda eng koʻp muhokama qilingan mavzulardan biri boʻldi. 7-iyul kuni tegishli qonun loyihasi Qonunchilik palatasida maʼqullanib, Senatga yuborildi. Unda Sh, Ch, Oʻ va Gʻ harflarini mos ravishda Ş, Ç, Ö va Ğ shaklida yozish, shuningdek, ng birikmasini alifbo tarkibidan chiqarish taklif etilgan. Loyiha jamoatchilikda qarama-qarshi munosabatlarni yuzaga keltirdi: ayrim mutaxassislar oʻzgarishlarni raqamli muhit talabi deb baholayotgan boʻlsa, boshqalar uning kognitiv, iqtisodiy va ijtimoiy xarajatlaridan ogohlantirmoqda. Kursiv Uzbekistan bildirilgan turli fikrlarni bir joyga jamladi.