Yangiliklar

Jenevada O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha yig‘ilish boshlandi — fotoreportaj

В Женеве стартовало заседание по вступлению Узбекистана в ВТО
Foto: Kursiv Uzbekistan

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Ishchi guruhning 13-yig‘ilishi Shveysariyaning Jeneva shahrida boshlandi. Muzokaralar JST qarorgohi joylashgan Uilyam Rappard markazida yuzma-yuz shaklda o‘tkazilmoqda.

Yig‘ilish 27-iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 10:00 da boshlandi. JSTning rasmiy taqvimida O‘zbekiston bo‘yicha Ishchi guruh majlislari 27–28-iyul kunlari soat 10:00 ga belgilangan. Bu muzokaralar zarurat tug‘ilganda ikkinchi kuni ham davom etishini anglatadi.

Foto: Kursiv Uzbekistan

Muzokaralar yakuniy bosqichga yaqinlashmoqda

Avvalroq prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov mamlakatning tashkilotga qo‘shilish jarayoni turli qiyinchiliklar bilan kechganini ma’lum qilgan edi. Uning aytishicha, ayrim JST a’zolari Toshkentga tashkilotga kirish o‘rniga savdo hamkorligining boshqa shakllaridan foydalanishni taklif qilgan.

Foto: Kursiv Uzbekistan

O‘zbekiston ichida ham a’zolik masalasiga shubha bilan qaragan ayrim biznes vakillari va manfaatdor tomonlar bo‘lgan. Shu sababli tushuntirish ishlari va ochiq muloqot muzokaralarning muhim qismiga aylangan.

Foto: Kursiv Uzbekistan

Tashkilotga qo‘shilish jarayonlari

O‘zbekiston 2026-yilda JSTga qo‘shilish jarayonini yakunlashni maqsad qilgan. Mart oyidagi avvalgi Ishchi guruh yig‘ilishida mamlakat delegatsiyasi muzokaralarning yuqori sur’atini saqlab qolish va jarayonni yil oxirigacha muvaffaqiyatli tugatishga tayyorligini bildirgan edi.

Foto: Kursiv Uzbekistan

2025-yilda O‘zbekistonning JSTga kirishi doirasida Ishchi guruhning ikkita yig‘ilishi o‘tkazildi. Ularda tashkilot a’zolarining 200 dan ortiq savoliga javob va tashqi savdoga oid 30 dan ziyod hujjat taqdim qilindi. Shuningdek, 40 dan ortiq ikki tomonlama muzokara raundi tashkil etilib, 11 ta davlat bilan kelishuvlar yakunlandi. Natijada muzokaralar tugallangan mamlakatlarning umumiy soni 33 taga yetdi. O‘tgan yili 68 ta normativ-huquqiy hujjat JST qoidalari va xalqaro talablarga muvofiqlashtirildi.

Foto: Kursiv Uzbekistan

Iyun oyining oxirida O‘zbekiston va AQSh ham mamlakatning JSTga qo‘shilish jarayonini muhokama qildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev va AQSh savdo vakili Jeymison Grir uchrashuvida Vashingtonning ushbu jarayonni bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashi alohida qayd etildi. Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va strategik hamkorlikni kengaytirish masalalarini ham ko‘rib chiqdi.

Avvalroq «Kursiv» JSTga a’zolik O‘zbekistonda avtomobil narxlariga qanday ta’sir qilishi haqida yozgan edi.