Yangiliklar

Jo Bayden saraton kasalligi fonida og‘irlashdi

Bayden Oq uyni tark etganidan keyin ommaviy tadbirlarda kam ko‘rinmoqda
Jo Bayden saraton kasalligi fonida og‘irlashdi
Foto: shutterstock

AQShning sobiq prezidenti Jo Bayden prostata bezining suyaklarga tarqalgan agressiv saratonini davolash jarayonida ancha zaiflashgan. Bu haqda The Washington Post siyosatchining yaqinlari va sobiq yordamchilariga tayanib xabar berdi.

Nashr suhbatlashgan besh nafar sobiq yordamchi va Baydenga yaqin boshqa shaxslarning bildirishicha, kasallik hamda davolashning organizmga ta’siri 83 yoshli sobiq prezidentning jismoniy holatida sezilarli iz qoldirgan. Uning kundalik hayoti asosan tibbiy muolajalar, oila a’zolari, yaqin do‘stlari va ko‘p yillik yordamchilari bilan muloqot atrofida shakllanmoqda.

Jo Bayden Oq uyni tark etganidan keyin ommaviy tadbirlarda kam ko‘rinmoqda. U ayrim Demokratik partiya tadbirlarida qatnashgan bo‘lsa-da, sog‘lig‘i sababli faoliyat doirasini sezilarli qisqartirgan. Sobiq prezidentning vakillari uning kundalik tartibi, davolash usullari va kasallik prognozi haqidagi batafsil savollarga javob bermagan.

Sog‘liq bilan bog‘liq muammolar Baydenning prezidentlikdan keyingi ayrim rejalarini amalga oshirishni ham qiyinlashtirmoqda. Jumladan, Delaware shtatida uning prezidentlik kutubxonasini tashkil etish uchun mablag‘ yig‘ish kutilganidan sust ketmoqda. Shuningdek, 17-noyabrda nashr qilinishi rejalashtirilgan xotiralar kitobini targ‘ib qilish safari qanday shaklda o‘tkazilishi ham to‘liq aniqlashtirilmagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Baydenning o‘g‘li Trampning farzandlarini jangga chorlagani haqida yozgan edi.