Yangiliklar

«Jora Tashkentskiy» Misrda qo‘lga olinib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi

U “Jora Tashkentskiy” va “Soroka” laqablari bilan tanilgan
«Jora Tashkentskiy» Misrda qo‘lga olinib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi
Kollaj: Kursiv Uzbekistan

Jinoyat olamida «Jora Tashkentskiy» laqabi bilan tanilgan Georgiy Sorokin Misrning Sharm el-Shayx shahrida qo‘lga olinib, O‘zbekistonga olib kelindi. Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, u tovlamachilik bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida qidiruvda bo‘lgan.

Sorokin Georgiy 1972-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U «Jora Tashkentskiy» va «Soroka» laqablari bilan tanilgan. So‘nggi yillarda Dubayda yashaganini, Rossiya fuqarosi ekanini va manzili Moskva shahrida ekanini bildirgan. Shuningdek, u jinoiy avtoritetlar bilan aloqasi yo‘qligini aytgan.

Sorokin ilgari ham bir necha bor sudlangan

Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, Sorokin ilk jinoyatini 1990-yilda, 18 yoshida sodir etgan va yetti yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Keyinchalik u O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston va boshqa davlatlarda sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha sudlangan. IIV ma’lumotida u bosqinchilik, talonchilik, tovlamachilik, noqonuniy qurol va giyohvand modda saqlash kabi qilmishlarda aybdor deb topilgani qayd etilgan.

Toshkentdagi uylar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan

Ma’lumotga ko‘ra, 2021-yilda Toshkent shahrida Sorokin sheriklari bilan til biriktirib, umumiy qiymati $350 ming bo‘lgan ikkita uyni o‘zlashtirib olgan.

IIV xabarida aytilishicha, u tovlamachilik yo‘li bilan uy egasini qo‘rqitgan, urib-do‘pposlagan va oila a’zolariga zo‘rlik ishlatib, xonadonlarni sheriklari nomiga rasmiylashtirib olgan.

Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va qidiruv e’lon qilingan.

Qalbaki pasportdan foydalangani aytilmoqda

IIVga ko‘ra, Sorokinning yonidan qalbaki Rossiya fuqarosi pasporti aniqlangan.

U ushbu pasportdan foydalanib, yillar davomida bir nechta davlat bo‘ylab harakatlangani aytilmoqda.

Interpol orqali O‘zbekistonga olib kelindi

O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari va Interpol orqali yo‘lga qo‘yilgan xalqaro hamkorlik natijasida Sorokin Misrda qo‘lga olingan.

Barcha zarur xalqaro huquqiy tartib-taomillardan so‘ng u Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi xodimlariga topshirildi va jinoiy javobgarlikka tortish uchun O‘zbekistonga olib kelindi.

Ichki ishlar vazirligi mazkur jinoyat ishi tafsilotlari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etib borilishini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Uzun tumanida 5 oylik bolasi va xotinini molxonada saqlagan erkak 13 yilga qamalgandi. Tekshiruv jarayonida 1981-yilda tug‘ilgan fuqaro o‘zining norasmiy turmush o‘rtog‘i va uning chaqaloq farzandini bir necha oy davomida majburan saqlab kelgani aniqlangan.