
Kanada parlamentida deputat Bill Oliver nutq so‘zlar ekan, sun’iy intellekt tayyorlagan matn bilan birga uning tahrirlash bo‘yicha tavsiyasini ham ovoz chiqarib o‘qib yubordi. Hodisa bir necha hafta davomida e’tibordan chetda qolgan.
Nutqqa SI ko‘rsatmasi ham qo‘shilib ketgan
Kanadaning Nyu-Brunsvik provinsiyasi qonunchilik yig‘ini deputati Bill Oliver parlamentdagi chiqishi davomida sun’iy intellekt tomonidan berilgan xizmat ko‘rsatmasini ham o‘qib yubordi. Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, siyosatchi SI tayyorlagan matndan foydalangan, biroq matnga ilova qilingan tavsiyani o‘chirib tashlashni unutgan.
Deputat nutq o‘rtasida: «Mana bu bo‘limning qonunchilik matniga ko‘proq o‘xshaydigan, tabiiyroq variantidir», degan jumlani ham o‘qib bergan. Aslida bu sun’iy intellekt tomonidan matnni qayta yozish uchun berilgan izoh bo‘lgan.
Xato bir necha hafta sezilmagan
Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa iyun oyida yuz bergan. Biroq na parlamentdagilar, na tomoshabinlar bunga darhol e’tibor bergan. Xatolik faqat oradan bir necha hafta o‘tgach ommaga ma’lum bo‘lgan.
Tanqidlar kuchaydi
Voqeadan so‘ng mahalliy OAV va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari deputatni sun’iy intellektdan mas’uliyatsiz foydalangani va nutqni tekshirmagani uchun tanqid qildi.
Ayrim foydalanuvchilar bu holatni aktyorning ssenariydagi texnik izohni sahnada o‘qib yuborishiga qiyosladi. Reddit foydalanuvchilari esa agar deputat bu xatosi uchun javobgarlikka tortilmasa, maktab o‘quvchilariga qo‘yiladigan talablar parlament a’zolarinikidan ham yuqori bo‘lib qolishini ta’kidlagan. Ba’zilar Oliverni iste’foga chiqishga ham chaqirgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qozog‘iston maktablarida sun’iy intellekt o‘qitilishi haqida yozgandi.