Sport

Lamin Yamal qanday uyda yashaydi — foto

Lamin Yamal qanday uyda istiqomat qiladi — foto
Kollaj: Kursiv Uzbekistan

«Barselona» va Ispaniya terma jamoasi hujumchisi Lamin Yamal faoliyatidagi muvaffaqiyatlardan so‘ng ko‘chmas mulk bozorida ham katta xaridni amalga oshirdi. Futbolchi Barselona yaqinidagi Espluges-de-Lobregat hududida joylashgan hashamatli uyda yashaydi.

Mazkur qarorgoh avval «Barselona»ning sobiq himoyachisi Jerar Pike va kolumbiyalik xonanda Shakiraga tegishli bo‘lgan.

Foto: mansionsradar.com

Ispaniya OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Yamal ko‘chmas mulkni 2025-yil oktabr oyida qariyb 11 mln yevro evaziga sotib olgan. Dastlab butun majmua uchun 14 mln yevro atrofida narx so‘ralgan, ammo tarkibdagi alohida uylardan biri boshqa xaridorga sotilgach, qolgan mulkning bahosi pasaygan.

Ayrim manbalarda yakuniy qiymat 10,5 mln yevro deb ham ko‘rsatiladi. Bitim tafsilotlari to‘liq oshkor etilmagani sabab aniq summa bo‘yicha OAV ma’lumotlari bir-biridan biroz farq qiladi.

mansionsradar.com

Pike va Shakiraning sobiq qarorgohi

Yamal yashayotgan mulk Barselona markazida emas, shaharga tutash Espluges-de-Lobregatdagi nufuzli turar joy hududida joylashgan. Bu yer futbolchilar va boshqa mashhur insonlar orasida ommalashgan bo‘lib, tinchligi, shaxsiy hayot daxlsizligi va «Barselona» mashg‘ulot bazasiga yaqinligi bilan qadrlanadi.

Uy avval Jerar Pike va Shakiraning oilaviy qarorgohi bo‘lgan. Juftlik birga yashagan davrda ushbu ko‘chmas mulk Ispaniya matbuotida bir necha bor tilga olingan. Ular 2022-yilda ayrilgach, majmua sotuvga chiqarilgan.

mansionsradar.com

Dastlabki ma’lumotlarda butun hududning maydoni qariyb 3,8 ming kvadrat metr ekani va unda uchta alohida uy joylashgani aytilgan. Keyinchalik tarkibdagi binolardan biri sotilgan. El País Yamal uchun mo‘ljallangan asosiy qismning maydonini taxminan 2 ming kvadrat metr deb ko‘rsatgan.

Yamalning aynan shu uyni tanlashida uning «Barselona» sport majmuasiga yaqinligi muhim omil bo‘lgan. Qarorgoh futbolchining ayrim jamoadoshlari yashaydigan hududga ham yaqin. Shu tariqa u mashg‘ulotga qatnash uchun uzoq masofa bosib o‘tmasdan, katta shaharning shovqinidan chetroqda yashash imkoniyatiga ega bo‘lgan.

Uyda qanday sharoitlar bor?

Ochiq manbalarga ko‘ra, majmuada yopiq va ochiq basseynlar, sport zali, tennis korti, keng ayvonlar hamda dam olish hududlari mavjud. Avvalgi egalar davrida uyda musiqa yozish studiyasi ham bo‘lgani xabar qilingan. Biroq Yamal ko‘chib kirganidan keyin binoning ichki qismi qanday o‘zgartirilgani to‘liq namoyish etilmagan.

mansionsradar.com

Futbolchining yaqinlari uyni oddiy oilaviy qarorgohdan professional sportchi ehtiyojlariga mos majmuaga aylantirishni rejalashtirgan. Jumladan, sport zalini yangilash, jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlarini uyda davom ettirish uchun sharoit yaratish hamda mutaxassislar bilan ishlashga mo‘ljallangan alohida joylar tashkil etilishi aytilgan.

Bu qaror Yamalning jarohatlardan tiklanishi va mavsum davomida jismoniy holatini nazorat qilishiga yordam berishi ko‘zda tutilgan. Futbolchi uyida jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy va fizioterapevt bilan klub tavsiyalari asosida ishlashi mumkinligi xabar qilingan.

Qarorgohning yana bir muhim tomoni — uning kengligi. Yamalning atrofidagilar uyda futbolchining yaqinlari va do‘stlari mehmon bo‘lib qolishi uchun yetarli joy bo‘lishini istagan. Shunday qilib, bu maskan nafaqat yashash joyi, balki mashg‘ulot, tiklanish va dam olishni birlashtiruvchi xususiy qarorgohga aylantirilgan.

Futbolchining boshqa ko‘chmas mulklari

Lamine Yamal’s House Tour

Lamin Yamalning ko‘chmas mulk portfeli faqat Esplugesdagi uy bilan cheklanmasligi haqida ham xabarlar mavjud. 2024-yilda Ispaniya matbuotiga tayanib tarqalgan ma’lumotlarda futbolchi onasi, otasi va buvisi uchun alohida uylar sotib olgani aytilgan.

Buvisi uchun olingan uy Yamal bolaligi o‘tgan Matarodagi Rokafonda mahallasiga yaqin joylashgani qayd etilgan. Otasi va onasi uchun sotib olingan uylarning aniq joylashuvi, qiymati va texnik xususiyatlari ommaga oshkor qilinmagan. Ushbu xabarlar futbolchining oilasini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni ilk katta daromadlaridan boshlab ustuvor vazifa sifatida ko‘rganini ko‘rsatadi.

Yamal uchun Rokafonda oddiy tug‘ilib-o‘sgan hudud emas. U gollarini nishonlash vaqtida barmoqlari bilan «304» raqamini ko‘rsatadi. Bu uning bolalik mahallasi pochta indeksining so‘nggi uch raqamiga ishora qiladi. Futbolchi qimmat uyga ko‘chib o‘tganiga qaramay, o‘z chiqishlarida va ijtimoiy tarmoqlardagi postlarida Rokafonda bilan aloqasini muntazam ta’kidlab keladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Yamalning avtomobillar kolleksiyasida qanday modellar borligi haqida yozgan edi.