
«Real Madrid» va Fransiya terma jamoasi hujumchisi Kilian Mbappe ispaniyalik aktrisa Ester Ekspósito bilan Parijda birga ko‘rinish berdi. Juftlik Fransiya poytaxtidagi mashhur moda do‘konlariga tashrif buyurgan, deya xabar berdi Kursiv Kazakistan.
Juftlik Parijda shopping qildi
O‘tgan dam olish kunlari 27 yoshli futbolchi va 26 yoshli aktrisa Parij ko‘chalarida birga sayr qilgan. Ular Dior va Jacquemus kabi mashhur fransuz moda uylari do‘konlariga kirgan.
Backgrid agentligi e’lon qilgan suratlarda Mbappe Dior brendining och sariq-kulrang uzun yengli ko‘ylagi va to‘q rangli shimda ko‘rinadi. Ester Ekspósito esa qora libos, quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak va to‘rli ro‘mol taqqan.
Ular avval Mayamida ham birga dam olgan
Parijdagi uchrashuvdan oldin juftlik AQShning Mayami shahrida ham birga dam olgani aytilmoqda.
Manbaga ko‘ra, 18-iyul kuni Mayamida Fransiya terma jamoasi jahon chempionatining uchinchi o‘rni uchun o‘yinda Angliyaga 4:6 hisobida yutqazgan va turnirni to‘rtinchi o‘rinda yakunlagan.
O‘sha uchrashuvda Mbappe ikkita gol urib, bitta golli uzatma bergan. Turnir davomida jami 10 ta gol urgan hujumchi jahon chempionatining «Oltin butsa» sovrinini qo‘lga kiritgan.
Ester Ekspósito kim
Ester Ekspósito 2000-yilda Madridda tug‘ilgan. U Netflix’ning mashhur «Elita» serialidagi Karla Roson roli orqali keng tanilgan.
Serialdagi muvaffaqiyatdan keyin aktrisa boshqa yirik kino va serial loyihalarida ham ishtirok etdi. Shuningdek, u moda va kosmetika brendlari bilan ham faol hamkorlik qilib kelmoqda.
Bugungi kunda Ester Ekspósito ijtimoiy tarmoqlarda 24 milliondan ortiq obunachiga ega. U YSL Beauty va Dolce & Gabbana kabi xalqaro brendlarning reklama kampaniyalarida ham suratga tushgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kilian Mbappening «garaji»da qanday avtomobillar borligi haqida xabar berilgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, uning avtokolleksiyasida Ferrari 488 Pista, Mercedes-Benz V-Class hamda bir nechta Volkswagen modeli bor.