
O‘zbekistonda kapital bozorini rivojlantirishga qaratilgan yangi qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi o‘qishda ma’qullandi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjat sukuk va boshqa zamonaviy moliyaviy instrumentlarni muomalaga kiritish, investorlar huquqlarini kuchaytirish hamda bozorni xalqaro standartlarga moslashtirishni nazarda tutadi.
Kapital bozoriga yangi moliyaviy vositalar kirib keladi
Qonun loyihasiga ko‘ra, O‘zbekistonda islom moliyasi tamoyillariga asoslangan sukuk (islom obligatsiyalari), shuningdek, barqaror rivojlanish obligatsiyalari, qoplangan obligatsiyalar va sekyuritizatsiyalangan obligatsiyalar muomalaga chiqarilishi mumkin. Bu investorlar uchun investitsiya imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Investorlar huquqlari kuchaytiriladi
Loyihada investorlar va fuqarolarning huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish, kapital bozori infratuzilmasini yanada samarali tartibga solish hamda mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Bozor xalqaro standartlarga moslashtiriladi
Hujjat bozor regulyatori faoliyatini Qimmatli qog‘ozlar komissiyalari bo‘yicha xalqaro tashkilot (IOSCO) tamoyillariga muvofiqlashtirishni nazarda tutadi. Shuningdek, Markaziy depozitariy va reyting agentliklari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha ham yangi normalar taklif etilgan.
Kompaniyalarga qo‘yiladigan talablar oshiriladi
Qonun loyihasi muhokamasi davomida deputatlar korporativ boshqaruv sifatini oshirish, kompaniyalarning axborotlarni oshkor etish majburiyatlarini kuchaytirish hamda kapital bozoriga investorlarni faolroq jalb etishga qaratilgan normalarga alohida e’tibor qaratdi. Hujjatning qabul qilinishi mamlakat moliya bozorini zamonaviy va xalqaro talablarga mos tizimga aylantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘lishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan kapital bozorni rivojlantirish bo‘yicha yangi qonun loyihasi ishlab chiqilgani haqida yozgandi.