
Qozog‘iston maktab ta’limi dasturiga sun’iy intellektdan xavfsiz va mas’uliyatli foydalanish bo‘yicha bilimlar rasman kiritiladi. Bu mamlakatda yangilangan davlat majburiy ta’lim standarti doirasida amalga oshiriladi, deb xabar berdi Qozog‘iston Ta’lim vazirligi.
Yangi standartda o‘quvchilarda sun’iy intellekt va raqamli resurslardan samarali, xavfsiz hamda mas’uliyatli foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish ko‘zda tutilgan. Shu orqali maktab o‘quvchilari zamonaviy texnologiyalardan foydalanish bilan birga, ularning imkoniyatlari va ehtimoliy xavflarini ham tushunishi kerak bo‘ladi.
Yangi prinsiplar
Yangilangan ta’lim mazmuniga Konstitutsiya tamoyillari, «Adal azamat» yagona tarbiya dasturi qadriyatlari, «Yangi Qozog‘iston» konsepsiyasi hamda «Qonun va tartib» prinsipi ham integratsiya qilinadi.
Ma’rifat vazirligining ta’kidlashicha, o‘quvchilarning Konstitutsiya asoslari, fuqarolarning huquq va majburiyatlari, davlat ramzlarining ahamiyati, davlat tiliga hurmat hamda qonun ustuvorligi haqidagi bilimlariga qo‘yiladigan talablar ham kuchaytirilgan.
«Konstitutsiya asoslarini, fuqaroning huquq va majburiyatlarini, davlat ramzlarining ahamiyatini tushunish, davlat tiliga hurmat bilan munosabatda bo‘lish va qonun ustuvorligi prinsipiga rioya etishga doir talablar kuchaytirildi», — deyiladi vazirlik bayonotida.
Yangi talablarni maktablarda to‘g‘ri joriy etish uchun mamlakat bo‘ylab ta’lim muassasalari va pedagoglar ishtirokida tushuntirish uchrashuvlari o‘tkaziladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Ostonada ilk aerotaksining namoyishi o‘tkazilgani haqida yozgan edi.