
Shveysariya sudi xususiy Lombard Odier bankini pul yuvishning oldini olish choralarini yetarli darajada ko‘rmagani uchun 3 mln Shveysariya franki ($3,68 mln) miqdorida jarimaga tortdi. Shu bilan birga, sud O‘zbekistonning sobiq prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaga nisbatan Shveysariyadagi ish yurituvini to‘xtatdi.
Bank pul yuvish xavfini yetarlicha nazorat qilmagan deb topildi
Reuters yozishicha, Jenevada joylashgan Lombard Odier banki va uning sobiq xodimi Karimovaning ehtimoliy jinoiy faoliyatidan olingan mablag‘larni yashirishga imkon yaratganlikda ayblangan edi. Mazkur ish bo‘yicha sud jarayoni aprel oyida boshlangan.
Sud bayonotida bank pul yuvishning oldini olish uchun «barcha oqilona va zarur tashkiliy choralarni» ko‘rmagani uchun jarimaga tortilgani aytildi. Shuningdek, 400 mln frankdan ortiq aktivlarni musodara qilish haqida qaror chiqarildi.
Sobiq bank xodimiga shartli qamoq jazosi berildi
Sud Lombard Odier’ning sobiq hisob menejeriga 24 oylik shartli qamoq jazosi tayinladi. U sud materiallarida faqat «C.» sifatida ko‘rsatilgan.
Sud bank va sobiq xodimga nisbatan jazo jinoyatlar sodir etilganidan buyon ko‘p vaqt o‘tgani sabab yengillashtirilganini bildirdi. 2011-yil iyulidan oldingi epizodlar bo‘yicha ayblovlar esa da’vo muddati o‘tgani sabab bekor qilindi.
Karimovaga nisbatan ish to‘xtatildi
Shveysariya prokuraturasi avvalroq Gulnora Karimovani pora olish va «The Office» deb atalgan jinoiy tashkilotni boshqarishda ayblagan edi. Prokuratura taxminiga ko‘ra, ushbu tuzilma 2005–2013-yillarda yuzlab million dollar mablag‘larni Shveysariyadagi bank hisoblariga yo‘naltirgan.
Karimova esa o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etib keladi.
Sud Karimovaga nisbatan ishni davom ettirish imkoniyati yo‘qligini bildirdi. Qarorga ko‘ra, u da’vo muddati tugaguniga qadar ozod etilishi yoki Shveysariyaga ekstraditsiya qilinishi ehtimoli yo‘q deb topilgan.
Lombard Odier qaror ustidan shikoyat qiladi
Lombard Odier banki dushanba kuni ushbu ish 2012-yilda bankning o‘zi Shveysariya rasmiylariga shubhali holatlar haqida xabar berganidan keyin boshlanganini ma’lum qildi.
Bank o‘sha paytda ichki nazorat va pul yuvishga qarshi kurash tartib-taomillari mustahkam bo‘lganini ta’kidlab, sud qarori ustidan apellyatsiya berishini bildirdi.
Karimova O‘zbekistonda qamoqda
54 yoshli Gulnora Karimova O‘zbekistonda korrupsiya bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha sudlangan. U 2019-yilda uy qamog‘i shartlarini buzgani uchun qamoqqa olingan.
Sud Rossiyada yashovchi yana bir ayblanuvchiga nisbatan ishni ham to‘xtatdi. U Shveysariyaga o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra bora olmagani aytilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gulnora Karimovadan undirilgan pullar evaziga 231 ta tug‘uruqxona zamonaviy uskunalar bilan ta’minlangani xabar qilingandi. Ma’lumot uchun, 2025-yil aprel oyida Gulnora Karimova tomonidan oʻzlashtirilgan $95 mln Shveysariyadan Oʻzbekistonga qaytarildi.