Yangiliklar

Toshkentdagi «spa salon» niqobi ostida ishlagan odam savdosi guruhi fosh etildi

Gumonlanuvchilar intim xizmatlar uchun $320 va 6,25 million so‘m olayotgan vaqtda qo‘lga olinganini ma’lum qilindi
Toshkentdagi «spa salon» niqobi ostida ishlagan odam savdosi guruhi fosh etildi
Foto: Toshkent shahri IIBB videosidan lavha

Toshkentning Mirobod tumanida spa salon ko‘rinishida faoliyat yuritgan va qizlarni aldov yo‘li bilan jalb etib, jinsiy ekspluatatsiyaga majburlagan guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Holat yuzasidan odam savdosi moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Ish va’dasi bilan jalb qilingan

Poytaxt IIBB ma’lumotiga ko‘ra, tezkor tadbir davomida bir guruh shaxslar spa salon niqobi ostida fohishaxona tashkil qilgani aniqlangan. Dastlabki tergovga ko‘ra, ikki nafar qiz ofitsiantlik va boshqa ishlar va’dasi bilan jalb etilib, keyinchalik ularning erkin harakatlanish huquqi cheklangan.

Jinsiy ekspluatatsiyaga majburlangan

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, jabrlanuvchilar tanish mijozlarga intim xizmatlar ko‘rsatishga majburlangan. Ularning aytishicha, rad javobi berganida kaltaklangan, tahdid qilingan va turli bosimlarga duchor bo‘lgan.

Shuningdek, qizlarning shaxsiy buyumlari olib qo‘yilgani, ularga nisbatan ruhiy va jismoniy zo‘ravonlik ishlatilgani qayd etilgan.

Yana yetti nafar qiz aniqlangan

Tezkor tadbir davomida yana yetti nafar qiz spa salonida massaj xizmati niqobi ostida noqonuniy faoliyatga jalb qilingani aniqlangan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar gumonlanuvchilar intim xizmatlar uchun $320 va 6,25 million so‘m olayotgan vaqtda qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Voqea joyidan olingan pul mablag‘lari va boshqa ashyolar dalil sifatida rasmiylashtirilgan.

Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi (odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan chet elga ishga yuborish bo‘yicha to‘rtta firibgarlik fosh etilgani haqida yozgandi.