
O‘zbekiston diplomatlari Vladivostokda og‘ir moddiy ahvolga tushib qolgan o‘zbekistonlik oilaning vatanga qaytishiga yordam berdi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Oilaga konsullik yordami ko‘rsatildi
O‘zbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulxonasi xodimlari vatandoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda migratsiya jarayonida yuzaga kelgan muammolarni hal etish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatdi.
Shu doirada og‘ir moddiy ahvolga tushib qolgan o‘zbekistonlik oilaning vatanga qaytishi tashkil etildi.
Xarajatlar Migratsiya agentligi jamg‘armasi hisobidan qoplandi
A.L., uning turmush o‘rtog‘i K.B. va ularning uch nafar voyaga yetmagan farzandi 25-iyul kuni Vladivostok–Yekaterinburg–Toshkent yo‘nalishidagi reys bilan O‘zbekistonga olib kelindi.
Ularning qaytish xarajatlari O‘zbekiston Migratsiya agentligi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplandi.
Bosh konsulxona vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga zarur konsullik-huquqiy xizmatlar ko‘rsatish va muammoli vaziyatlarda amaliy yordam berish ishlari davom ettirilayotganini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Belarusda aldanib qolgan o‘zbekistonlik vatanga qaytarilgani xabar berilgandi. Ma’lum bo‘lishicha, u joriy yil iyul oyida mehnat faoliyatini boshlash maqsadida Belarusga borgan. Ammo Minsk shahriga yetib kelganidan so‘ng uni ishga taklif qilgan shaxs aloqaga chiqmay qo‘ygan.