
«Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida»gi Qonunga oʻzgartirish kiritish masalasi soʻnggi yillarda eng koʻp muhokama qilingan mavzulardan biri boʻldi. 7-iyul kuni tegishli qonun loyihasi Qonunchilik palatasida maʼqullanib, Senatga yuborildi. Unda Sh, Ch, Oʻ va Gʻ harflarini mos ravishda Ş, Ç, Ö va Ğ shaklida yozish, shuningdek, ng birikmasini alifbo tarkibidan chiqarish taklif etilgan. Loyiha jamoatchilikda qarama-qarshi munosabatlarni yuzaga keltirdi: ayrim mutaxassislar oʻzgarishlarni raqamli muhit talabi deb baholayotgan boʻlsa, boshqalar uning kognitiv, iqtisodiy va ijtimoiy xarajatlaridan ogohlantirmoqda. Kursiv Uzbekistan bildirilgan turli fikrlarni bir joyga jamladi.

Kursiv Uzbekistan bilan suhbatda boʻlgan Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi boʻlim boshligʻi Oʻrinboy Boboyorovning fikricha, amaldagi alifbodagi ayrim harflarni oʻzgartirish faqat yozish qulayligi ortidan yuzaga chiqqan masala emas. Bu zamonaviy axborot texnologiyalari, dasturiy taʼminot va elektron tizimlar bilan bogʻliq zaruratdir.
«Takomillashtirish uchun taklif etilgan mazkur Sh — Ş, Ch — Ç, Gʻ — Ğ va Oʻ — Ö harflari bugungi kunda turk, ozarbayjon, turkman, gagauz, qrim-tatar, nemis, shved, fin va venger kabi tillarda qoʻllanilib, qariyb 300 million aholi tomonidan ishlatilmoqda. Ular qabul qilingan xalqaro Yunikod standartlari va axborot texnologiyalari nuqtayi nazaridan amalda oʻzini oqlab kelmoqda», — deya taʼkidladi mutaxassis.
Boboyorov amaldagi Oʻ va Gʻ harflarini yozishda asosiy harf bilan birga apostrof yoki unga oʻxshash alohida belgidan foydalanishni muammo sifatida koʻrsatdi. Ushbu belgining turli koʻrinishlarda yozilishi yagona standart shakllanishiga toʻsqinlik qilmoqda. Avtomatik tahlil dasturlari esa apostrofni baʼzan soʻz ajratuvchi belgi sifatida qabul qilib, bitta soʻzni texnik xotirada ikki qismga boʻladi. Natijada elektron qidiruv, avtomatik tarjima, elektron lugʻatlar, milliy til korpusi va sunʼiy intellekt asosidagi oʻzbek tili modellarini yaratishda qiyinchiliklar yuzaga keladi.
Mutaxassis Sh va Ch tovushlari oʻzbek tilida faol qoʻllanishiga ham eʼtibor qaratdi. «Shoshish», «shishishi», «xushchaqchaq», «ishchi», «sharshara» va «achchiqtosh» kabi soʻzlarda bu harfiy birikmalar bir necha marta takrorlanadi. Boboyorovning fikricha, ularni Ş va Ç shaklidagi yaxlit harflar bilan ifodalash yozuvni ixchamlashtirib, «bir tovush — bir harf» tamoyiliga yaqinlashtiradi. U ushbu shakllar oʻzbek yozuvi uchun butunlay begona emasligini, ulardan jadidlar alifbosida, 1929–1940-yillarda hamda 1993-yilda qabul qilingan lotin alifbosining dastlabki variantida foydalanilganini qayd etdi.
Loyihada ng birikmasining alifbodan chiqarilishi esa Boboyorovning tushuntirishicha, ushbu tovushdan voz kechishni anglatmaydi. U yozuvda avvalgidek saqlanib qoladi, biroq alifbodagi alohida birlik sifatida emas, imlo qoidalarida fonetik birikma sifatida oʻrganiladi. Mutaxassis ng uchun yaxlit harf joriy etish katta hajmdagi matnlarni avtomatik oʻgirishda yangi chalkashliklarni keltirib chiqarishi mumkinligini aytdi. Dasturlar «mening», «sening» va «dengiz» soʻzlaridagi yaxlit ng tovushini «menga», «senga», «tumanga», «kongres» yoki «angina» soʻzlaridagi bir-biridan mustaqil n va g harflaridan har doim ham toʻgʻri ajrata olmasligi mumkin.

Psixolingvist Iroda Azimova esa alifboni oʻzgartirishga avvalboshidan qarshi boʻlganini bildirdi. Uning fikricha, hatto toʻrtta harf shaklining oʻzgarishi ham insonning matnni oʻqish jarayoniga maʼlum muddat taʼsir qiladi.
«Alifbodagi islohot insonning harflab emas, yaxlit soʻzni oʻqiy olishiga xizmat qiluvchi omillardan biri — soʻzdagi harflar sonini oʻzgartiradi. Bu degani butun oʻzbeklarda oʻqish kognitiv jarayoni maʼlum muddat sekinlashadi, degani. Ha, toʻgʻri, oʻrganib ketamiz… Ammo unga vaqt kerak boʻladi», — dedi u.
Azimovaning tushuntirishicha, inson savod chiqarganidan keyin matnni doimo harflab oʻqimaydi. Miya soʻzning bosh va oxirgi harfi, undagi belgilar soni hamda umumiy grafik koʻrinishiga asoslanib, uni yaxlit shaklda taniydi. Maktabdagi oʻqish va mutolaa jarayonida inson xotirasida vizual leksikon, yaʼni soʻzlarning yozma shakllari shakllanadi. Odam qaysi alifboda savod chiqargan boʻlsa, bu leksikon ham asosan oʻsha yozuv tizimida tarkib topadi.
Mutaxassis lotin yozuvida savod chiqarganlarning baʼzilari kirill yozuvidagi matnlarni osonroq va zavq bilan oʻqishini ham shu jarayon bilan izohladi. Lotin alifbosiga oʻtishning dastlabki davrida kitoblar, gazetalar va internetdagi materiallarning katta qismi kirillda boʻlgan. Shu bois koʻp mutolaa qilgan yoshlarning vizual leksikoni amalda kirill yozuvi asosida shakllangan boʻlishi mumkin.
Azimova ingliz tilidagi matnlarni oʻqishda bunday muammo kamroq sezilishini unda muqobil yozuv tizimi mavjud emasligi bilan bogʻladi. Uning taʼkidlashicha, miya turli tillarni alohida tizim sifatida qabul qiladi va bu yerda alohida belgilar emas, aynan soʻzning vizual shakli barqarorligi muhim.
«Aynan shu sabab ham alifboga oʻzgartirish kiritish kerak emas, hatto u toʻrttagina harf boʻlsa ham», — deya taʼkidladi Azimova.

«Xatoliklar» Telegram kanali muallifi Abduazim Rustamxoʻjayev esa loyiha boʻyicha oraliq pozitsiyani egalladi. U koʻp yillardan beri muhokama qilinayotgan alifbo masalasida nihoyat amaliy harakat boshlangani va loyiha Senatga kiritilganini ijobiy hodisa deb baholadi. Rustamxoʻjayev Sh va Ch birikmalarining Ş va Ç shaklidagi yaxlit harflarga aylantirilishini ham qoʻllab-quvvatladi.
«Asosiy yutuq — biz ikkita belgidan iborat (digraf) shakldan qutulyapmiz. Ularni yaxlit bir harfga oʻtkazish matn terishda, oʻqishda va yozishda qulaylik yaratadi. Dizayn va vizual nuqtayi nazardan ham bu shakllar tez orada koʻzga oʻrnashib, odatiy holga aylanib ketadi», — dedi u.
Rustamxoʻjayev amaldagi Oʻ va Gʻ harflarini ham oʻzgartirish shartligini taʼkidladi. Uning fikricha, ikki alohida belgidan tashkil topgan ushbu harflar raqamli matn teruvchilar, muharrirlar, kopirayterlar va dasturchilar uchun jiddiy muammolar tugʻdirib kelgan. Kompyuter bazalarida soʻzlar boʻlinishi, heshteglar uzilishi va matn ichidan qidiruv tizimlarining toʻliq ishlamasligi shular jumlasidandir.
Biroq kanal muallifi loyihada taklif etilgan Ö va Ğ juftligini grafik jihatdan izchil yechim deb hisoblamaydi. Uning fikricha, bir xil vazifani bajaradigan ikki harf uchun turli diakritik belgilar — Ö ustidagi ikki nuqta va Ğ ustidagi yoychadan foydalanish grafik birxillik tamoyiliga mos kelmaydi.
«Maqsadimiz yozuvni hamma uchun osonlashtirish, savodxonlikni oshirish, tahrirlash va dasturlashda muammo tugʻdirmaydigan qulay harflarga oʻtish boʻlsa, nega ikkisi uchun bir xil diakritik belgidan foydalanmadik?» — deya savol qoʻydi u.
Rustamxoʻjayev Ö shaklining tanlanishini turk alifbosi va Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida ilgari surilayotgan umumturkiy alifboga moslashish istagi bilan bogʻladi. Uning aytishicha, turk tilida ikki nuqta til oldi unlilarini ifodalovchi aniq fonetik vazifani bajaradi, adabiy oʻzbek tilida esa aynan shu xususiyat mavjud emas. Turkiy dunyo bilan yaqinlashish ijobiy gʻoya boʻlsa-da, umumiy standartdagi belgilarni qabul qilishdan oldin ularning oʻzbek tilining fonetik tabiatiga mosligi hisobga olinishi kerak.
U muqobil sifatida Oʻ va Gʻ uchun bir xil diakritik belgidan foydalaniladigan Ŏ va Ğ juftligini taklif etdi. Muallifning fikricha, ikkala harf ustidagi bir xil yoysimon grafik birxillikni taʼminlaydi, oʻzbek oʻquvchisining koʻziga begona emas va Yunikod tizimida yaxlit belgi sifatida mavjud. Shu bilan birga, Rustamxoʻjayev alifboni mavjud klaviatura imkoniyatlariga moslashtirish emas, balki oʻzbek tili uchun alohida milliy klaviatura standartini ishlab chiqish kerakligini taʼkidladi: «Tilni dasturga emas, dasturni tilga moslashtirish kerak».
U ng birikmasining alifbodan chiqarilishini esa loyihadagi eng toʻgʻri qarorlardan biri deb baholadi. Rustamxoʻjayevning fikricha, uni Ñ shaklida alohida harf sifatida joriy etish savodxonlikni oshirmaydi, aksincha, yangi murakkabliklarni yuzaga keltiradi. Oʻquvchi qaysi soʻzda yaxlit ng tovushi, qaysisida mustaqil n va g harflari kelganini aniqlash uchun soʻzning kelib chiqishi, morfologik tuzilishi va qaysi tildan oʻzlashganini bilishi kerak boʻladi. «Bugungi», «afsungar», «oʻyingoh», «marketing», «kongress», «Angliya» va «angina» kabi soʻzlarda bu farqni belgilash keng jamoatchilik uchun ortiqcha qiyinchilik tugʻdirishi mumkin.
«Birgina notoʻgʻri qarorimiz minglab, millionlab insonlarning muammosiga aylanmasligi kerak», — dedi u.

Iqtisodchi Behzod Hoshimov esa alifboni yana oʻzgartirishni katta iqtisodiy va ijtimoiy xarajatlarga olib keladigan qaror deb hisoblaydi. Uning fikricha, muhokamalarda islohotning tranzaksion xarajatlari, yaʼni davlat, biznes va jamiyat yangi yozuvga moslashish uchun sarflaydigan vaqt, mehnat va mablagʻ deyarli hisobga olinmayapti.
«Mening fikrimcha, alifboni yana bir bor oʻzgartirish juda ogʻir xato boʻladi. Sababi oddiy: tranzaksion xarajatlar. Biz ularning koʻlamini tasavvur ham qilmayapmiz — bironta muhokamada bu raqam turmaydi», — dedi iqtisodchi.
Hoshimov lotin yozuviga oʻtilganiga qariyb 30 yil boʻlganiga qaramay, davlat idoralarining rasmiy matnlarida kirill yozuvining taʼsiri hanuz saqlanib qolganini qayd etdi. U Tashqi ishlar vazirligining rasmiy saytida uchragan «toʻgʻilganlik guvohnomasi», «propiskasi bulmasa» va «xatolikka yul» kabi xatolarni misol qilib keltirdi.
Iqtisodchining taʼkidlashicha, bu misollar bilan vazirlik xodimlarini ayblash maqsad qilinmagan. Aksincha, til va hujjatlar bilan muntazam ishlaydigan mutaxassislar faoliyat yuritadigan tashkilotda ham bunday xatolar uchrashi yozuv almashtirish oqibatlari qanchalik uzoq davom etishini koʻrsatadi. Kirillda savod chiqargan odam ayrim tovush va harflarni eski grafik tizim taʼsirida qabul qilishi sababli «boʻldi» oʻrniga «buldi» yoki «tugʻilganlik» oʻrniga «toʻgʻilganlik» kabi shakllar paydo boʻladi.
Hoshimovning fikricha, yozish muammoning faqat bir qismi, kattaroq masala esa oʻqishdir. Kirill yozuvida savod chiqargan avlod lotincha matnni sekinroq va qiynalib oʻqiydi. Shu sababli lotin alifbosiga oʻtilganidan keyin qariyb uch oʻn yillik vaqt oʻtgan boʻlsa-da, koʻplab tashkilotlarda qarorlar, xizmat yozishmalari, bayonnomalar va arizalar amalda kirill yozuvida tayyorlanadi.
«Lotincha koʻpincha koʻrgazma uchun, kirillcha esa ish uchun», — dedi Hoshimov.
Uning fikricha, hozirgi sharoitda alifboni yana oʻzgartirish uchinchi yozuv qatlamini yuzaga keltiradi: bir avlod kirillda, ikkinchisi amaldagi lotinda, uchinchisi esa yangi shakldagi lotin alifbosida yozadi. Bu esa yana bir necha oʻn yil davom etadigan moslashuv jarayonini boshlab berishi mumkin.
Iqtisodchi yangi belgilar oddiy inglizcha klaviaturada mavjud emasligiga ham eʼtibor qaratdi. Uning aytishicha, amaldagi lotin yozuvida hech qanday qoʻshimcha klaviaturasiz matn terish mumkin, yangi harflar esa foydalanuvchidan maxsus sozlamalar yoki boshqa klaviatura tizimini talab qiladi.
Hoshimov alifbo almashtirish kamdan-kam hollarda sof filologik masala boʻlishini, koʻpincha uning ortida siyosiy maqsad turishini ham taʼkidladi. U Turkiyaning lotin yozuviga oʻtishini yangi respublika bilan eski tuzum oʻrtasida uzilish yaratishga qaratilgan siyosiy qaror sifatida misol qilib keltirdi. Oʻzbekiston hududida 1929-yilda arab yozuvidan lotinga, 1940-yilda esa kirill yozuviga oʻtilishi ham avlodlarning avvalgi yozma meros bilan aloqasini uzganini bildirdi.
«Bir avlod umri davomida ikki marta savodsiz qoldirildi», — dedi u.
Hoshimovning fikricha, alifbo haqidagi har qanday taklifni uning siyosiy va strategik maqsadi bilan birga baholash kerak. Agar bunday maqsad mavjud boʻlsa, u ochiq aytilishi va jamiyat toʻlaydigan xarajat bilan solishtirilishi lozim. Agar aniq maqsad boʻlmasa, avlodlar hamda yozma manbalar oʻrtasida yana bir uzilish yaratishning zarurati savol ostida qoladi.
Mutaxassislarning mulohazalari alifbo islohoti bir yoqlama masala emasligini koʻrsatadi. Taklif tarafdorlari uni oʻzbek yozuvidagi texnik muammolarni kamaytirish, harflarni Yunikod standartlariga moslashtirish va raqamli tizimlarda ishlashni yengillashtirishga qaratilgan qadam deb baholamoqda. Islohotga qarshi boʻlganlar esa yangi shakllarga moslashish oʻqish jarayonini sekinlashtirishi, imlo xatolarini koʻpaytirishi hamda jamiyat uchun qoʻshimcha xarajatlar keltirib chiqarishi mumkinligini taʼkidlamoqda.

Aytish mumkinki, oʻtgan yillar davоmida amaldagi lоtin alifbоsini toʻliq boʻlmasa-da, har hоlda turli jabhalarda qoʻllab koʻrdik. Natijada uning yutuq va kamchiliklarini atrоflicha koʻrib оlish imkоniyati ham yuzaga keldi. Asоsiy nоqulayliklar aynan shu toʻrt harf atrоfida yuzaga kelayotgani ham hech kimga sir emas…