
Apple’ning bozor qiymati seshanba kuni qisqa vaqtga ilk bor $5 trln darajaga chiqdi, deya xabar berdi CNBC. Bir kun avval kompaniya Nvidia’ni ortda qoldirib, ochiq savdoda eng qimmat kompaniyaga aylangan edi.
Aksiyalar yil boshidan beri 25 foizga o‘sdi
iPhone ishlab chiqaruvchisi aksiyalari bu yil 25 foizga qimmatlashdi. Seshanba kungi savdolarda Apple aksiyalari $342,89 gacha ko‘tarildi, biroq keyin biroz pasaydi.
Savdo yakunida aksiyalar $340,08 narxda yopildi. Shu sabab kompaniyaning bozor kapitalizatsiyasi $5 trln chegarasidan biroz pastroqda qoldi.
Apple sun’iy intellekt xarajatlarini past ushlab turibdi
Alphabet, Amazon, Meta va Microsoft sun’iy intellekt infratuzilmasi uchun yuzlab milliard dollar investitsiya qilayotgan bir paytda, Apple kapital xarajatlarini nisbatan past darajada ushlab turmoqda.
Kompaniya bulut infratuzilmasi va sun’iy intellekt texnologiyalari bo‘yicha Google imkoniyatlaridan foydalanmoqda.
Investorlar Apple strategiyasiga boshqacha qaray boshladi
O‘tgan yili Apple bozorda boshqa trillion dollarlik texnologiya kompaniyalaridan ortda qolgan edi. Investorlar kompaniya sun’iy intellekt poygasidan chetda qolayotgani, xarajatlarni ehtiyotkorlik bilan olib borayotgani va yangilangan Siri taqdimoti kechikayotganidan xavotirda edi.
Biroq so‘nggi vaqtda bozor kayfiyati o‘zgardi. Endi investorlar AI uchun juda katta xarajat qilayotgan texnologiya kompaniyalari qarz yukini oshirib, aniq daromad kafolatisiz salbiy pul oqimiga chiqib qolishi mumkinligidan xavotirlanmoqda.
Nvidia bilan raqobat davom etmoqda
Apple va Nvidia o‘rtasidagi kapitalizatsiya bo‘yicha raqobat sun’iy intellekt kelajagi haqidagi bahslar bilan bog‘liq.
Nvidia grafik protsessorlari yirik AI modellarining asosiy hisoblash quvvatini ta’minlaydi. Kompaniya oktabr oyida $5 trln kapitalizatsiyaga yetgan birinchi kompaniya bo‘lgan edi. Biroq bu yil Nvidia aksiyalari Apple’ga nisbatan sekinroq o‘sib, 6 foizga qimmatlashgan.
Apple qurilmalar narxini oshirmoqda
Apple aksiyalari global xotira taqchilligi sabab qurilmalar narxi oshirilganiga qaramay o‘sishda davom etmoqda.
Seshanba kuni kompaniya AQShda Upgrade nomli yangi dasturni e’lon qildi. Unga ko‘ra, mijozlar iPhone va boshqa mahsulotlarni to‘liq sotib olish o‘rniga ijaraga olishlari mumkin bo‘ladi.
O‘tgan oy Apple MacBook va iPad narxlarini oshirgan edi. Bu kompaniyaning xotira va saqlash qurilmalari xarajatlari oshganini iste’molchilarga o‘tkazish bo‘yicha ilk rasmiy qadami bo‘ldi.
Tim Kuk so‘nggi hisobotini o‘tkazadi
Apple payshanba kuni choraklik moliyaviy natijalarini e’lon qiladi. Manbaga ko‘ra, bu Tim Kukning bosh direktor sifatidagi so‘nggi hisobot qo‘ng‘irog‘i bo‘ladi.
John Ternus 1-sentabrdan Apple bosh direktori lavozimini egallashi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Apple qurilmalarni ijaraga berish xizmatini ishga tushirgandi. Dastur Klarna moliyaviy texnologiyalar kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlaydi. Unga iPhone, iPad, Mac va Apple Watch’ning aksariyat zamonaviy modellari kiritiladi.