Banklar va moliya

Apple Pay va Google Pay O‘zbekistonda qachon ishga tushadi

Muzokaralar bahordan beri olib borilmoqda
Foto: depositphotos.com

O‘zbekistonda Apple Pay va Google Pay servislarini ishga tushirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Markaziy bank To‘lov tizimlarini rivojlantirish departamenti direktori Jamshid Usmonov Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qilishicha, yaqin oylarda xizmatlar ishga tushishi haqida ijobiy xabarlar kutilmoqda.

Muzokaralar bahordan beri olib borilmoqda

Usmonovga ko‘ra, shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritilganidan so‘ng Markaziy bank, tijorat banklari, Humo va Uzcard milliy to‘lov tizimlari Apple hamda Google bilan muzokaralarni boshlagan.

Uning aytishicha, bu ishlar joriy yilning mart – aprel oylaridan beri olib borilmoqda.

Kartalar tokenizatsiya qilinishi kerak

Apple Pay va Google Pay oddiy plastik karta bilan emas, kartaning virtual ko‘rinishi bilan ishlaydi. Shu sabab bank kartalari tokenizatsiya qilinishi, ya’ni xavfsiz raqamli token shaklida mobil qurilmaga bog‘lanishi kerak.

Usmonovning ta’kidlashicha, hozir tijorat banklari, Humo va Uzcard ushbu texnik ishlarni amalga oshirmoqda.

Visa, Mastercard, Humo va Uzcard kartalari qo‘shilishi mumkin

Markaziy bank vakiliga ko‘ra, Apple Pay va Google Pay ishga tushgach, faqat Visa va Mastercard kartalarini emas, balki Humo va Uzcard kartalarini ham mobil ilovalarga ulash imkoniyati bo‘lishi kutilmoqda.

Uning aytishicha, yaqin oylarda tijorat banklari ushbu xizmatlarni ishga tushirishi, ehtimol, operatorlardan biri ham servisni yo‘lga qo‘yishi mumkin.

Aniq sana hozircha aytilmadi

Jamshid Usmonov Apple Pay va Google Pay qachon ishga tushishi bo‘yicha aniq sanani aytmadi. Biroq u xizmatlar «yaqin oylarda» ishga tushishi kutilayotganini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Uzbekistan Airways Apple Pay va Google Pay orqali to‘lov xizmatini ishga tushirgani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, mazkur xizmatlar aviakompaniyaning rasmiy sayti hamda mobil ilovasida ishlaydi. Yangi tizim yo‘lovchilarga bank kartasi ma’lumotlarini qo‘lda kiritmasdan turib, aviachiptalarni tezkor tarzda xarid qilish imkonini beradi.