Banklar va moliya

Asosiy stavkaning o‘zgarishsiz qolishiga qaysi omillar ko‘proq ta’sir qildi

Pul-kredit siyosati departamenti direktori Samig‘jon Inog‘amov tushintirdi
Asosiy stavkaning o‘zgarishsiz qolishiga qaysi omillar ko‘proq ta’sir qildi
Rasm: SI / Kursiv Uzbekistan

Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlab qolish qarorini inflyatsiya, bazaviy inflyatsiya, inflyatsion kutilmalar va kelgusi davr prognozlari bilan izohladi. Pul-kredit siyosati departamenti direktori Samig‘jon Inog‘amov 29-iyul kungi matbuot anjumanida inflyatsiya yil boshidan pasayish tendensiyasida bo‘lsa-da, ayrim xatarlar saqlanib qolayotganini bildirdi.

Inflyatsion xatarlar saqlanib qolmoqda

Samig‘jon Inog‘amov Kursiv Uzbekistan savoliga javoban asosiy stavka bo‘yicha qarorga bir nechta omillar ta’sir qilganini aytdi. Ular orasida inflyatsiyaning joriy tendensiyasi, bazaviy inflyatsiya dinamikasi, inflyatsion kutilmalar va prognozlar asosiy omillar sifatida ko‘rsatildi.

Ta’kidlanishicha, umumiy inflyatsiya yil boshidan pasayish yo‘nalishida shakllanmoqda. Inflyatsion kutilmalar ham pasaymoqda, biroq bu jarayon hali yetarli darajada tez emas.

Iqtisodiy faollik stavkani saqlashni talab qilmoqda

Markaziy bankka ko‘ra, iqtisodiy faollik jadal sur’atda davom etmoqda. Ishlab chiqarish tafovuti ijobiy darajada saqlanib qolayotgani esa pul-kredit sharoitlarini qat’iy ushlab turishni talab qilmoqda.

Shu sabab 29-iyuldagi yig‘ilishda asosiy stavkani 14 foiz darajasida qoldirish zarur deb topildi.

Stavkani pasaytirish muhokama qilinmagan

Yig‘ilishda, asosan, bitta taklif asosiy stavkani o‘zgarishsiz saqlash masalasi muhokama qilingan. Stavkani pasaytirish taklifi ko‘rib chiqilmagan.

Bunga kelgusi choraklarda ayrim inflyatsion omillar va xatarlar saqlanib qolayotgani sabab bo‘lgan.

Stavka qachon pasayishi mumkin

Markaziy bank kelgusida stavkani pasaytirish masalasida, avvalo, bazaviy inflyatsiya darajasini kuzatadi. Iyun oyida bazaviy inflyatsiya 5,7 foizni tashkil etgan va yil boshidan buyon deyarli shu daraja atrofida saqlanib qolgan.

Regulyator uchun muhim shartlardan biri bazaviy inflyatsiyaning barqaror pasayish tendensiyasiga o‘tishi. Bu inflyatsiyani 5 foizlik maqsadli darajaga yetkazish uchun zarur omil sifatida ko‘rilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank asosiy stavkani yana 14 foiz darajasida qoldirgani haqida xabar berilgandi.