
Osiyodagi yirik onlayn firibgarlik markazlariga odamlarni aldov yo‘li bilan olib kelish va jinoyat sodir etishga majburlash holatlari keskin ko‘paymoqda. BMT tashkilotining Xalqaro migratsiya tashkiloti hisob-kitobiga ko‘ra, hozirda qariyb 300 ming kishi Kambodja, Laos va Myanmadagi noqonuniy markazlarda ekspluatatsiya qilinmoqda.
Tashkilot bosh direktori Emi Poup Jenevada bergan bayonotida bunday holatlar soni jadal oshayotganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, firibgarlik majmualarida ushlab turilgan shaxslar jinoyatchi emas, balki odam savdosi qurbonlari hisoblanadi.
Sxema qanday ishlaydi
Jinoyatchilar ko‘pincha ijtimoiy tarmoqlarda yuqori maoshli ish taklif qiluvchi soxta e’lonlarni joylashtiradi. Ingliz tilini yaxshi biladigan va oliy ma’lumotli nomzodlar asosiy nishonga aylanmoqda. Jabrlanuvchilarning katta qismi Bangladesh, Hindiston, Indoneziya, Shri-Lanka, Efiopiya va Keniyadan kelgan fuqarolardir.
Odamlar markazlarga olib kelingach, ularning pasportlari va boshqa safar hujjatlari olib qo‘yiladi. Keyin ular qamoqxonaga o‘xshash sharoitlarda saqlanib, internet orqali boshqa odamlarning pullarini o‘zlashtirishga qaratilgan sxemalarda ishlashga majbur qilinadi.
Firibgarlarning asosiy nishonlari orasida ko‘pincha G‘arb mamlakatlaridagi keksa fuqarolar bo‘ladi. Ayrim odam savdosi qurbonlari kaltaklanishi va jinsiy zo‘ravonlikka uchrashi ham qayd etilgan.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, ushbu jinoiy tarmoqlar Osiyoda joylashgan bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoqlar orqali dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi odamlarni jalb qilmoqda. Hozirgacha 80 dan ortiq davlat fuqarolari bunday markazlarga olib ketilgani aniqlangan.
Avvalroq «Kursiv» jarima ballarini o‘chirib berishni va’da qilgan firibgarlar aniqlangano haqida yozgan edi.