Avto

Chevrolet yangi avtomobilini namoyish etdi — foto

Chevrolet yangi avtomobilini namoyish etdi — foto
Foto: GMAutority

2027-yilgi Chevrolet Silverado Z71 pikapining umumiy foydalanishdagi sharoitda olingan ilk suratlari e’lon qilindi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.

General Motors modelni iyun oyida namoyish qilganida Z71 paketiga ega versiyaning faqat bitta rasmiy tasvirini ko‘rsatgan edi. Yangi fotosuratlarda esa avtomobil yakuniy sinov va tekshiruv jarayonida ko‘rinish berdi.

Suratga tushirilgan pikap Chevrolet avtomobillarida uzoq vaqtdan beri qo‘llanadigan Summit White oq rangiga bo‘yalgan. Oq kuzov bilan uyg‘unlashtirilgan qora elementlar Z71 versiyasiga yanada qat’iy va sportga xos ko‘rinish bergan. Avtomobil tashqi bezagida xrom qismlardan deyarli foydalanilmagan.

Foto: GMAutority

Yangi Silverado‘ning old qismi to‘liq qayta ishlangan radiator panjarasi bilan ajralib turadi. Uning yuqori qismida old panel bo‘ylab cho‘zilgan gorizontal tasma va qora Chevrolet emblemasi joylashtirilgan. Panjaraning asosiy qismi esa uchta gorizontal chiziqdan iborat. Z71 versiyasida barcha elementlar qora rangda bajarilgan.

Old yoritish tizimi ham yangi tuzilishga ega. Ingichka yuqori LED chiroqlar kunduzgi yoritish va burilish ko‘rsatkichlari vazifasini bajaradi. Asosiy faralar esa ulardan pastroqda joylashgan. Ikki qavatli optikani radiator panjarasining yuqori tasmasi bir-biridan ajratib turadi.

Qo‘shimcha dizayn

Old bamper ham qora rangda bo‘lib, markaziy va chekka qismlardan tashkil topgan. Tumanga qarshi chiroqlar bamperning ikki yoniga o‘rnatilgan. Pastki havo kirish panjarasi ichida gorizontal holatda joylashtirilgan tortish ilgaklari ko‘rinadi. Old qismning eng pastida yirik aerodinamik to‘siq mavjud.

Foto: GMAutority

Kapoti ham yangilanib, ikki yonida bo‘rtib chiqqan shakllar hosil qilingan. Ushbu qismlarga TURBOMAX dvigateli nomi tushirilgan. Tomning tashqi ko‘rinishi soddalashtirilgan: unda odatiy antenna ko‘rinmaydi. Antenna elementlari avtomobilning orqa qismidagi maxsus spoylerga ko‘chirilgan.

Barcha yangi Silverado komplektatsiyalarida bo‘lgani kabi, Z71’da ham qayta shakllantirilgan g‘ildirak arkalarini o‘rab turuvchi himoya qoplamalari mavjud. Yon ko‘zgular va oynalar atrofi yaltiroq qora rangda ishlangan, eshik tutqichlari esa kuzov rangida qoldirilgan. Old eshiklarda yirik SILVERADO yozuvi joylashgan.

Avtomobil uzun qora yon zinapoyalarga ham ega. Ular old va orqa eshiklar oralig‘ini to‘liq qamrab olib, baland kuzovli pikapga chiqishni osonlashtiradi. Sinov avtomobilining g‘ildiraklari hali ham niqoblangan bo‘lib, ishlab chiqarish versiyasidagi disklar dizayni to‘liq ko‘rsatilmagan.

Qanday yangiliklar bor

Foto: GMAutority

Pikapning orqa qismidagi asosiy yangiliklardan biri kabinaga biriktirilgan yaltiroq qora spoyler bo‘ldi. Unga qariyb 91 sm kenglikdagi markaziy tormoz chirog‘i o‘rnatilgan. Spoylerning ikki bo‘rtmasi ichiga antenna elementlari yashirilgan. Uning pastida yuk platformasini yorituvchi ikkita LED chiroq va yangilangan surilma orqa oyna mavjud.

Suratlardagi Chevrolet Silverado Z71 oddiy yukxona eshigi bilan jihozlangan, ya’ni unda Multi-Flex tizimi qo‘llanmagan. Shu sababli qora dekorativ qoplama orqa eshikning butun kengligi bo‘ylab cho‘zilgan. Eshikning yuqori qismida bo‘rtib chiqqan spoyler, ochish tugmasi, orqani ko‘rish kamerasi va tashqi yoritish tizimiga tegishli bo‘lishi mumkin bo‘lgan chiroq joylashtirilgan.

Yangi orqa chiroqlar qora ramka va butunlay LED yoritish tizimiga ega. Ularning grafikasi bir nechta gorizontal va vertikal chiziqlardan tashkil topgan. Orqaga harakatlanish chirog‘i yuqori va pastki yorug‘lik elementlari orasiga o‘rnatilgan. Yukxona eshigining pastki qismida qora SILVERADO va Z71 belgilarini ko‘rish mumkin, Z71 yozuvidagi «Z» harfi esa qizil rangda bajarilgan.

Avvalroq «Kursiv» yangi Chevrolet Tracker sinovdan o‘tkazilgani haqida yozgan edi.