Yangiliklar

Endi har yili mart oyi «Suvni tejash oyligi» bo‘ladi

Rahbarlar faoliyatiga yangi mezon kiritiladi
Qoraqalpog‘iston va Xorazmda ayrim oilalarga ichimlik suvi xarajatlari uchun subsidiya beriladi
Foto: Facebook

O‘zbekistonda har yili mart oyida «Suvni tejash oyligi» tashkil etiladi, deya xabar berdi Adliya vazirligi. Bu davrda aholida suvni qadrlash va undan oqilona foydalanish madaniyatini keng targ‘ib qilish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Rahbarlar faoliyatiga yangi mezon kiritiladi

Prezident Farmoni bilan 2027-yil 1-yanvardan boshlab respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xo‘jalik birlashmalari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari faoliyatini baholashda yangi mezonlar qo‘llanadi.

Ularning eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlariga ichimlik suvini tejash, shuningdek, hududiy suv ta’minoti korxonalariga masofadan ma’lumot uzatadigan zamonaviy suv hisoblagichlar o‘rnatilishi ham kiritiladi.

Hisoblagich o‘rnatmagan tashkilotlar nazoratga olinadi

Masofadan ma’lumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlarini o‘rnatmagan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olinadi.

Bu suv sarfini aniq hisoblash, ortiqcha yo‘qotishlarning oldini olish va ichimlik suvidan samarali foydalanishni kuchaytirishga qaratilgan.

Budjet tashkilotlari uchun yagona tarif belgilanadi

2027-yil 1-apreldan boshlab ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari uchun byudjet tashkilotlariga respublika bo‘yicha bir xil tariflar belgilanadi.

Shuningdek, ichimlik suvini ishlab chiqarish va yetkazib berish jarayonlari bo‘yicha alohida hisob-kitob yuritish yo‘lga qo‘yiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMT O‘zbekistonning suv sohasidagi islohotlarini yuqori baholagandi. Hisobotda qayd etilishicha, O‘zbekiston so‘nggi yillarda institutsional islohotlar, sohani raqamlashtirish, zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini joriy etish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilish orqali suv resurslaridan foydalanish samaradorligini sezilarli darajada oshirishga erishgan.