Yangiliklar

Krishtianu Ronaldu serialda rol ijro etadi

Futbolchi Krishtianu Ronaldu serialda rol ijro etadi
Foto: Instagram/ Ronaldu

Portugaliyalik futbolchi Krishtianu Ronaldu Britaniya futboli haqida suratga olinayotgan yangi serialda rol ijro etadi va loyihaning ijrochi prodyuserlaridan biri bo‘ladi. Bu haqda The Sun nashri xabar bermoqda.

Loyiha futbol agenti Darren Deynning g‘oyasi asosida yaratilmoqda. Voqealar professional futbol olamida kechadi, serialning bosh qahramoni esa Stenli Dalton ismli to‘qima futbol agenti bo‘ladi. Uning faoliyati orqali futbol biznesining ichki jarayonlari, sportchilar, klublar va agentlar o‘rtasidagi munosabatlar ko‘rsatilishi kutilmoqda.

Kartina haqida nimalar ma’lum

Serialga Kingsman filmlari orqali tanilgan rejissyor Metyu Von boshchilik qiladi. Loyihani Ronaldu va Von birgalikda asos solgan UR•Marv Studios kompaniyasi ishlab chiqarmoqda. Shu tariqa, portugaliyalik futbolchi serialda nafaqat aktyor sifatida ko‘rinadi, balki uning yaratilish jarayonida ham bevosita ishtirok etadi.

Foto: Instagram/ Ronaldu

Ronaldu bilan birga serialda britaniyalik aktyor Demian Lyuis ham rol ijro etadi. Shuningdek, loyihada bir nechta taniqli sportchilar, jumladan, Fransiya terma jamoasi va Londonning «Arsenal» klubi sobiq hujumchisi Tyerri Anri ham paydo bo‘lishi ma’lum qilingan.

Hozirda Krishtianu Ronaldu Saudiya Arabistonining «An-Nasr» klubida to‘p tepmoqda va Portugaliya milliy terma jamoasi sardori hisoblanadi. U faoliyati davomida «Manchester Yunayted», Madridning «Real» klubi va Turinning «Yuventus» jamoasida o‘ynab, futbol tarixidagi eng sovrindor va mashhur sportchilardan biriga aylangan.

Serialning namoyish sanasi, undagi qismlar soni va Ronaldu qanday qahramonni gavdalantirishi hozircha ochiqlanmagan.

Avvalroq «Kursiv» Ronalduning avtokolleksiyasida nimalar borligi haqida yozgan edi.