
Markaziy bank boshqaruvi 2026-yil 29-iyuldagi yig‘ilishida asosiy stavkani o‘zgarishsiz yana 14 foiz darajasida qoldirdi.
Regulyator inflyatsiyani 5 foizlik maqsadli darajaga pasaytirish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va aholining xarid qobiliyatini saqlash pul-kredit siyosatining asosiy vazifasi bo‘lib qolishini bildirdi.
Inflyatsiya 6,4 foizga yetdi
2026-yil iyun oyida umumiy inflyatsiya yillik hisobda 6,4 foizni tashkil etdi. Bazaviy inflyatsiya esa 5,7 foiz darajasida o‘zgarishsiz saqlanib qoldi.
Markaziy bankka ko‘ra, iyun oyida energiya va toshko‘mir narxlarining oshishi umumiy inflyatsiyaning qisqa muddatli tezlashishiga ta’sir qilgan.
Yil yakuni bo‘yicha prognoz o‘zgarmadi
Regulyator 2026-yil yakunida umumiy inflyatsiya 6,5 foiz atrofida bo‘lishini prognoz qilmoqda.
Iqtisodiy o‘sish prognozi esa 7,5–8 foiz darajasida saqlab qolindi.
Keyingi yig‘ilish sentabrda o‘tkaziladi
Asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha Markaziy bankning navbatdagi yig‘ilishi 2026-yil 16-sentabr kuniga belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, tijorat banklari tomonidan iqtisodiyot tarmoqlariga yo‘naltirilgan kredit qo‘yilmalari bir yil ichida 12 foizga oshib, 642,8 trln so‘mni tashkil etgandi. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, eng katta ulush jismoniy shaxslarga berilgan kreditlar hissasiga to‘g‘ri keldi.