
«Zolotaya Korona» tizimi orqali O‘zbekistonga kelayotgan mablag‘lar bo‘yicha muammo yo‘q. Markaziy bankning Valyutani tartibga solish va nazorat qilish departamenti direktori Otabek Tojiddinovning ma’lum qilishicha, sanksiya «Zolotaya Korona» tizimining o‘ziga emas, balki uning hisob-kitob banki – operatoriga nisbatan qo‘llangan.
«Zolotaya Korona» sanksiya ostida emas

Tojiddinovga ko‘ra, «Zolotaya Korona» an’anaviy to‘lov tizimi sifatida sanksiya ostiga tushmagan. Shu sabab O‘zbekistondagi banklar reklama yoki promo-aksiyalarida ushbu tizim bilan bog‘liq e’lonlar berayotgani tabiiy holat hisoblanadi.
Uning ta’kidlashicha, cheklov tizimning o‘ziga emas, balki tezkor pul o‘tkazmalarida hisob-kitob qiluvchi operator bankka tegishli.
Pul o‘tkazmalari odatdagi tartibda kelmoqda
Markaziy bank vakili bugungi kunda «Zolotaya Korona» orqali kelayotgan mablag‘lar bo‘yicha muammo yo‘qligini bildirdi. Uning aytishicha, o‘zbek banklarida «Zolotaya Korona» bo‘yicha garov depozitlari mavjud va shu depozitlar doirasida migrantlardan kelayotgan pul mablag‘lari fuqarolarga yetkazib berilmoqda.
Tojiddinov fuqarolar ushbu mablag‘larni xohlagan valyutada olish imkoniyatiga ega ekanini ham qayd etdi.
Mablag‘lar faqat Rossiyadan kelmayapti
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonga «Zolotaya Korona» orqali pul o‘tkazmalari faqat Rossiyadan emas, boshqa davlatlardan ham kelmoqda.
Tojiddinov Koreya Respublikasi, Turkiya, Qozog‘iston va Yevropa Ittifoqidan ham ushbu tizim orqali mablag‘lar yuborilayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Zolotaya Korona» bilan bog‘liq an’anaviy yo‘l orqali keladigan pul o‘tkazmalari hajmi $2,4 mlrdga teng.
Operatorni almashtirish bo‘yicha muzokara ketmoqda
Markaziy bank sanksiyalarning ikkilamchi ta’siridan qochish maqsadida vaziyatni nazoratga olgan. Tojiddinovning aytishicha, O‘zbekiston banklari «Zolotaya Korona» rahbariyati bilan operatorni sanksiya ostida bo‘lmagan boshqa bankka o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.
Uning ma’lum qilishicha, «Zolotaya Korona» rahbariyati hozir Toshkentda bo‘lib turibdi. Kutilishicha, tizim yangi operator orqali odatdagi tartibda ishlashni davom ettiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yanvar – iyun oylarida xalqaro pul o‘tkazmalari orqali O‘zbekistonga $9,3 mlrd valyuta kelib tushgani haqida xabar berilgandi. Shu davrda $1,3 mlrd mablag‘ chiqib ketgan va natijada $8 mlrdlik ijobiy saldo shakllangan.
Markaziy bankka ko‘ra, valyuta taklifi, eksport tushumlari va pul o‘tkazmalari hajmining oshishi ichki valyuta bozorida kurs nisbatan barqaror shakllanishiga xizmat qilgan.