Sport

Neymar terma jamoadagi faoliyatini yakunladi

Neymar terma jamoadagi faoliyatini yakunladi
Foto: Instagram/ Neymar

Braziliyalik futbolchi Neymar milliy terma jamoadagi faoliyatini yakunlaganini rasman ma’lum qildi. 34 yoshli hujumchi bu qarorni Braziliya terma jamoasi 2026-yilgi jahon chempionatining 1/8 finalida Norvegiyaga mag‘lub bo‘lib, musobaqani tark etganidan keyin qabul qilgan.

«Terma jamoadagi vaqtim yakunlandi. Men tarix yaratdim, juda baxtli bo‘ldim. Sariq futbolka uchun qonimni, hayotimni berdim va doimo kurashdim. Ammo endi davom etishni istamayman», — degan Neymar «Santos»ning «Universidad Sentral» ustidan 4:2 hisobidagi g‘alabasidan keyin.

Shu tariqa Braziliya terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purarning milliy jamoadagi 16 yillik faoliyati yakunlandi. Futbolchi mundialdagi so‘nggi uchrashuvidan keyin Nyu-Jersidagi «MetLife» stadionida ko‘z yoshlarini tiya olmagan edi. U Norvegiyaga qarshi bahsning so‘nggi daqiqalarida penaltidan gol urganiga qaramay, Braziliya keyingi bosqichga chiqa olmadi.

Futbolchi kelajagi haqida

Foto: Neymar

Neymar endi e’tiborini to‘liq o‘zi tarbiyalangan «Santos» klubidagi faoliyatiga qaratadi. U Venesuelaning «Universidad Sentral» jamoasiga qarshi Janubiy Amerika kubogi bahsida zaxiradan maydonga tushib, jamoasining 4:2 hisobidagi g‘alabasiga yordam berdi. Natijada «Santos» musobaqaning 1/8 finaliga yo‘l oldi va keyingi bosqichda Ekvadorning «Makara» klubiga qarshi o‘ynaydi.

Neymar klubdagi yosh futbolchilarga bosim o‘tkazgani haqidagi xabarlarni ham rad etdi. Avvalroq u «Shapekoense» bilan 2:2 hisobida yakunlangan uchrashuvdan keyin Gabriel Bontempo va Joao Ananiasning o‘yinini haqoratli tarzda tanqid qilgani haqida ma’lumotlar tarqalgan edi.

Uning ta’kidlashicha, yosh futbolchilarni masxara qilgani yoki ular keyingi mavsum ikkinchi divizionda o‘ynashini aytgani haqidagi xabarlar haqiqatga mos emas. Neymar bunday ma’lumotlarni jamoa ichida nizolar keltirib chiqarishga qaratilgan uydirmalar deb atadi.

Avvalroq «Kursiv» Krishtianu Ronaldu serialda rol ijro etishi haqida yozgan edi.