
HMD kompaniyasi klassik tugmali telefonlar dizaynini zamonaviy funksiyalar bilan birlashtirgan Nokia 250 4G Smart modelini taqdim etdi. Bu haqda Mydrivers nashri xabar bermoqda.
Telefon monoblok shaklida ishlab chiqilgan bo‘lib, korpusi IP54 darajasida chang va suv sachrashidan himoyalangan. Old panelga 2,8 dyuymli LCD ekran hamda alohida chaqnoqqa ega 3 Mp kamera joylashtirilgan. Orqa qismida esa LED chaqnoqli 2 Mp asosiy kamera mavjud.
Texnik imkoniyatlar
Har ikkala kamera videoqo‘ng‘iroqlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu imkoniyat oddiy tugmali telefonlarda kam uchraydi va Nokia 250’ni ushbu segmentdagi noodatiy modellardan biriga aylantiradi.

Qurilma Unisoc T137 protsessorida ishlaydi. U 256 MB operativ va 2 GB ichki xotira bilan jihozlangan. Akkumulyator sig‘imi 1 950 mA·soatni tashkil etadi.
Qo‘shimcha qulayliklar
Telefon USB-C porti orqali quvvatlanadi. Shuningdek, unda 3,5 millimetrli quloqchin uyasi, Bluetooth 5.0, 4G tarmoqlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlash va mobil internetni boshqa qurilmalarga tarqatish funksiyasi mavjud.
Nokia 250 Alipay orqali QR-kod bilan to‘lov qilish, QR-kodlarni tanish, sun’iy intellekt yordamida ovozli tarjima va bulutli xizmatlardan foydalanish imkonini beradi. Qurilma spam qo‘ng‘iroqlar hamda keraksiz SMS-xabarlarni bloklash funksiyasiga ham ega.
HMD hozircha Nokia 250 4G Smart’ning narxi va qaysi bozorlarda sotuvga chiqishini ma’lum qilmagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri HMD Touch AI telefoni sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.