Kino va seriallar

«O‘rgimchak odam: Yangi kun» filmi nima haqida: tafsilotlar

«O‘rgimchak odam: Yangi kun» filmi nima haqida: tafsilotlar
Foto: kinopoisk.ru

Marvel studiyasining «O‘rgimchak odam: Yangi kun» filmi jahon premyerasidan bir necha kun oldin tomoshabinlar va kino tanqidchilaridan yuqori baho oldi. Kartina Rotten Tomatoes platformasida 81 ta taqriz asosida 90 foizlik «yangilik» ko‘rsatkichini qayd etdi.

Film voqealari «Uyga yo‘l yo‘q» kartinasidan keyin davom etadi. Bir nechta vaqt o‘tishlari orqali Piter Parkerning hayoti qanday o‘zgargani ko‘rsatiladi. Em-Jey va Ned hamon uni eslamaydi, shu sababli bosh qahramon deyarli yolg‘iz qoladi. Uning yangi ittifoqchilari orasida Bryus Benner, Jazo beruvchi va politsiya xodimi DeVulf bor.

Film nima haqida

Foto: Treylerdan ekran tasviri

Tanqidchilar Tom Hollandning ijrosini alohida e’tirof etmoqda. Ayrim sharhlovchilar bu aktyorning Piter Parker rolidagi eng kuchli ishi ekanini ta’kidlagan. Jazo beruvchi obraziga qaytgan Jon Berntal va Marvel kino olamida ilk bor paydo bo‘lgan Seydi Sinkning ijrosi ham ijobiy baholandi.

Kartinaning asosiy yutug‘i sifatida ko‘p olam mavzusidan uzoqlashib, e’tiborni yana O‘rgimchak odamning shaxsiy hayotiga qaratgani ko‘rsatilmoqda. Syujet markazida qahramonning ulg‘ayishi, yolg‘izligi, do‘stlik va Nyu-Yorkdagi hayoti turadi. Shahar uzra harakatlanish sahnalari, janglar hamda rejissyor Destin Deniel Krettonning ishi ham yuqori baholangan.

Nimalar ma’lum

Foto: Treylerdan ekran tasviri

Shu bilan birga, ayrim tanqidchilar filmning qariyb 2,5 soat davom etishini kamchilik sifatida qayd etdi. Ularning fikricha, ayrim syujet yo‘nalishlarini qisqartirish va voqealarni kamroq murakkablashtirish mumkin edi.

SPIDER-MAN: BRAND NEW DAY – Final Trailer (Peter’s Journey) 4K

Shunga qaramay, taqrizlarning aksariyati ijobiy bo‘lib qolmoqda. Ayrim kino jurnalistlari «Yangi kun»ni Sem Reymining «O‘rgimchak odam 2» filmidan keyingi eng yaxshi kartina deb atagan. Boshqalar esa uni Tom Holland ishtirokidagi eng muvaffaqiyatli O‘rgimchak odam filmi sifatida baholamoqda.

Metacritic platformasida film 40 ta taqriz asosida 100 balldan 69 ball oldi. Tanqidchilarning umumiy fikriga ko‘ra, Marvel qahramon tarixini yana shaxsiyroq va hayotga yaqinroq yo‘nalishga qaytara olgan.

Avvalroq «Kursiv» «O‘rgimchak odam: Yangi kun» o‘zbek tilida chiqishi haqida yozgan edi.