Yangiliklar

O‘zbekistonda 90 ta bank kartasi orqali jinoiy daromadlar legallashtirilgani aniqlandi

Telegram botlari orqali milliardlab so‘m aylantirilgan
O‘zbekistonda 90 ta bank kartasi orqali jinoiy daromadlar legallashtirilgani aniqlandi
Foto: Prokratura departamenti

Bosh prokuratura huzuridagi departament narkotik va psixotrop moddalar hamda kriptoaktivlarning noqonuniy savdosi bilan bog‘liq yirik sxemani fosh etdi. Bu haqda departamentning rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

Tergovga qadar tekshiruvda HST, VEK va RBMT MChJ mansabdorlari hamda boshqa shaxslar xalqaro Tesla Shop guruhiga tegishli 58 ta Telegram bot orqali amalga oshirilgan savdolardan tushgan mablag‘larni legallashtirgani aniqlangan.

90 ta drop karta va kriptoaktivlardan foydalanilgan

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, noqonuniy savdodan tushgan 20,9 mlrd so‘m O‘zbekiston banklarida 14 nafar xorijiy fuqaro nomiga ochilgan 90 ta soxta (drop) bank kartasiga o‘tkazilgan. Shuningdek, 8 mlrd so‘m Paynet faoliyati bilan shug‘ullanuvchi HST va VEK MChJlariga, yana 4,7 mlrd so‘m esa CP kriptodo‘koniga yo‘naltirilgan.

90,3 mlrd so‘mlik soliq to‘lanmagani aytilmoqda

Tekshiruv davomida ushbu kompaniyalar aholiga 621,2 mlrd so‘mlik Paynet xizmatlarini ko‘rsatgan holda 90,3 mlrd so‘m soliq to‘lamagani ham aniqlangan.

$50,5 mlnlik kriptoaktivlar aylanmasi qayd etilgan

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, noqonuniy faoliyatdan olingan mablag‘lar hisobidan $50,5 mln miqdorida kriptoaktivlar aylanmasi amalga oshirilgan. Shundan $2,4 mln qiymatidagi kriptoaktivlar 14 nafar xorijiy fuqaroning valyuta hisob raqamlariga o‘tkazilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy bank biometriya va P2P qoidalarini yumshatmoqchi ekani haqida yozgandi.