Gadjetlar

Samsung Galaxy Z8 seriyasiga chegirma e’lon qilindi

Samsung Galaxy Z8 seriyasiga chegirma e’lon qilindi
Manba: Samsung

Samsung Kanadada Samsung Galaxy Z8 turkumidagi bukiluvchi smartfonlarga oldindan buyurtma qabul qilishni boshladi. Bu haqda Sammobile nashri xabar bermoqda.

Xaridorlar eski qurilmasini trade-in dasturi orqali topshirib, ayrim modellarda qariyb $1 minggacha chegirma olishlari mumkin. Oldindan buyurtmalar 6-avgust kuni yakunlanadi.

Galaxy Z Flip 8’ning boshlang‘ich narxi amaldagi valyuta kursi bo‘yicha qariyb $1,1 mingni tashkil etadi. Eski smartfonni almashtirish dasturi orqali topshirganda xaridor taxminan $653gacha tejashi mumkin.

Dastur qanday ishlaydi

Foto: Samsung

Galaxy Z Fold 8 qariyb $1,7 mingdan sotiladi. Mazkur model uchun trade-in chegirmasi $1,03 minggacha yetadi. Xuddi shunday chegirma seriyaning eng yuqori modeli — Galaxy Z Fold 8 Ultra uchun ham taqdim etiladi. Uning boshlang‘ich narxi taxminan $1,91 mingni tashkil qiladi.

Chegirma miqdori xaridor topshiradigan eski qurilmaning modeli, texnik holati va Samsung tomonidan baholangan qiymatiga bog‘liq bo‘ladi. Shu sababli barcha xaridorlar e’lon qilingan eng yuqori chegirmaga ega bo‘lmasligi mumkin.

Yana qanday qurilmalarga chegirma bor

Samsung oldindan buyurtma davrida ayrim aksessuarlarni ham 30% arzonlashtirdi. Aksiya g‘iloflar, quvvatlash moslamalari va yangi bukiluvchi smartfonlarga mos boshqa jihozlarni qamrab oladi.

Kanadadagi maxsus takliflar faqat Samsung kompaniyasining rasmiy internet-do‘koni orqali rasmiylashtiriladigan buyurtmalarga tegishli. Galaxy Z8 seriyasini chegirmali shartlarda band qilish muddati 6-avgustda tugaydi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Galaxy S25 smartfonining narxi pasaygani haqida yozgan edi.