
Soliq qo‘mitasi sun’iy intellekt asosida ishlovchi AI Soliq platformasini ishga tushirdi. Bu haqda qo‘mita rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Yangi portal tadbirkorlar, buxgalterlar va korxona rahbarlariga soliq masalalarini tezkor tahlil qilish hamda zarur ma’lumotlarni chat orqali olish imkonini beradi.
Bir necha soniyada soliq tahlili
Yangi platforma orqali foydalanuvchilar korxona faoliyatini qisqa vaqt ichida tahlil qilishi, elektron hisobvaraq-fakturalarning «qizil» toifaga tushish sabablarini aniqlashi, soliq reytingi, imtiyozlar va hisobotlar yuzasidan tushuntirishlar olishi mumkin. Barcha xizmatlar chat formatida ishlaydi.
Soliq LLM va mashinaviy o‘qitish tizimi taqdim etildi
Portalda Soliq qo‘mitasining sun’iy intellekt sohasidagi asosiy ishlanmalari jamlangan. Ular orasida Soliq LLM milliy til modeli, matn va nutq generatsiyasi, kompyuter ko‘rish (Computer Vision), shuningdek Big Data va Machine Learning texnologiyalariga asoslangan yechimlar mavjud.
Sun’iy intellekt ichki jarayonlarda ham qo‘llanmoqda
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, SI texnologiyalari nafaqat soliq to‘lovchilarga ko‘rsatiladigan xizmatlarda, balki soliq organlarining ichki faoliyatida ham keng qo‘llanmoqda. Ular ma’lumotlarni tahlil qilish, takrorlanuvchi jarayonlarni avtomatlashtirish hamda boshqaruv qarorlarining samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Maxsus SI laboratoriyasi faoliyat yuritmoqda
Sun’iy intellekt ekotizimini yaratish va rivojlantirish Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latov tashabbusi bilan tashkil etilgan Sun’iy intellekt laboratoriyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Laboratoriya soliq ma’muriyatchiligi uchun SI yechimlarini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha yagona markaz hisoblanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 1 foizlik soliq keshbeki bekor qilinishi mumkinligi haqida yozgandi.