Yangiliklar

S&P Global Ratings Kapitalbank reytingi bo‘yicha prognozni «Ijobiy» darajaga oshirdi

Bankning uzoq va qisqa muddatli kredit reytinglarini «BB-/B» darajasida tasdiqladi
S&P Global Ratings Kapitalbank reytingi bo‘yicha prognozni «Ijobiy» darajaga oshirdi
Foto: Kapitalbank

Xalqaro reyting agentligi S&P Global Ratings «Kapitalbank» ATBning kredit reytinglari bo‘yicha prognozni «Barqaror» pog‘onasidan «Ijobiy» pog‘onaga oshirdi hamda bankning uzoq va qisqa muddatli kredit reytinglarini «BB-/B» darajasida tasdiqladi.

Prognozning yaxshilanishi bankning moliyaviy holati mustahkamlangani bilan izohlanadi. Agentlik hisobotida Bankning kapital o‘rni yaxshilangani, kredit portfeli bosqichma-bosqich diversifikatsiya qilinayotgani hamda aktivlari sifati O‘zbekiston bank tizimi bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori ekani qayd etilgan.

S&P Global Ratings qaroriga ta’sir ko‘rsatgan asosiy omillar:

  • Kapital pozitsiyasining mustahkamlanishi. Agentlik Bankning riskka moslashtirilgan kapital koeffitsiyenti (RAC) 2026 – 2027-yillarda 10,5 – 11,5 % gacha oshishini prognoz qilmoqda (2025-yil yakunidagi 9,4 % ga nisbatan). Bunga kreditlash hajmining mo‘tadil o‘sishi hamda olingan foydaning to‘liq kapitalizatsiya qilinishi xizmat qiladi.
  • Aktivlar sifatining yuqoriligi. Samarali risklarni boshqarish tizimi va zamonaviy skoring modellaridan foydalanish natijasida Bank muammoli kreditlar (Stage 3) ulushini mamlakat bo‘yicha o‘rtacha darajadan sezilarli darajada past pog‘onada ushlab turmoqda (S&P bahosiga ko‘ra — 7,5 – 8,5 %).
  • Biznesning diversifikatsiyasi. Bank korporativ segment hamda kichik va o‘rta biznesni (KO‘B) kreditlash yo‘nalishini izchil rivojlantirib, avtokreditlashga qaramlikni kamaytirmoqda va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining ustuvor yo‘nalishlariga amal qilmoqda.
  • Uzum ekotizimi bilan sinergiya. Uzum guruhi tarkibiga kirish Bankka mamlakat aholisining yarmidan ko‘p qismini qamrab oluvchi keng mijozlar bazasiga ega bo‘lish imkonini bermoqda hamda bank mahsulotlarini elektron tijorat va fintex xizmatlari bilan integratsiya qilish orqali o‘zaro kross-savdolarni (cross-selling) amalga oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda. Shu bilan birga, agentlik Kapitalbankning moliyaviy va operatsion mustaqilligini alohida ta’kidlaydi.

«Kapitalbank» ATB Boshqaruv raisi Kirill Mayevskiyning ta’kidlashicha, S&P Global Ratings tomonidan prognozning «Ijobiy» darajaga oshirilishi Bank tanlagan strategiyaning samaradorligini mustaqil ravishda tasdiqlaydi. Bank izchil ravishda muvozanatli biznes modelini shakllantirmoqda, korporativ sektor va kichik hamda o‘rta biznes bilan ishlashni kuchaytirmoqda, risklarni boshqarish tizimini takomillashtirmoqda hamda Uzum ekotizimi doirasida raqamli moliyaviy xizmatlarni rivojlantirmoqda. Shu bilan birga, Bank yuqori moliyaviy barqarorlik, mustaqillik va kapital yetarliligi darajasini saqlab qolmoqda.

S&P Global Ratings tomonidan berilgan «Ijobiy» prognoz Kapitalbankning kredit reytinglari kelgusi 12 oy ichida oshirilishi ehtimoli mavjudligini anglatadi. Buning asosiy sharti Bankning RAC koeffitsiyentini barqaror ravishda 10% dan yuqori darajada saqlab qolishi hamda kredit portfeli sifati barqarorligini yanada mustahkamlashidadir.