
2027-yil 1-yanvardan ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari tariflarini tasdiqlash vakolati Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasiga o‘tkaziladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Loyihalar elektron platformada aks ettiriladi
2026-yil 1-sentabrdan boshlab «O‘zsuvta’minot» AJga foydalanish uchun topshiriladigan barcha ichimlik suvi va oqova suv infratuzilmasini rivojlantirish loyihalari maxsus elektron platformada aks ettiriladi.
Gap «Dasturlarning amalga oshirilishini monitoring qilish va manzilli ro‘yxatlarni kelishishning avtomatlashtirilgan axborot tizimi» haqida bormoqda.
Shartnomaviy munosabatlar soddalashtiriladi
«O‘zsuvta’minot» AJ va uning tizim korxonalari o‘rtasida shartnomaviy munosabatlarni samarali yo‘lga qo‘yish uchun ayrim yo‘nalishlarda to‘g‘ridan to‘g‘ri tartib qo‘llanadi.
Xususan, tor doiradagi malaka oshirish, o‘qitish va ekspluatatsiyaga oid shartnomalar bevosita amalga oshiriladi.
Xalqaro mablag‘lar jalb qilinadi
Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv sohasidagi yangi loyihalarga xalqaro moliya institutlari hamda xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining qarz va grant mablag‘lari jalb qilinadi.
Bunda oldindan xarid, retroaktiv moliyalashtirish va boshqa moliyalashtirish usullaridan foydalanish mumkin bo‘ladi.
Olis hududlar uchun alohida yondashuv bo‘ladi
2027-yil 1-yanvardan boshlab markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash iqtisodiy jihatdan samarasiz yoki o‘zini oqlamaydigan hududlarda xizmat ko‘rsatish alohida yondashuv asosida tashkil etiladi.
Bunday hududlarga maxsus texnikalarda suv yetkazib berish, suv shoxobchalarini tashkil etish va boshqa mos usullar qo‘llanishi mumkin.
Tariflarni tasdiqlash vakolati boshqa komissiyaga o‘tadi
Tarif siyosatini takomillashtirish maqsadida ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari tariflarini tasdiqlash vakolati Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasiga o‘tkaziladi.
Bu qaror suv ta’minoti tizimida boshqaruv, moliyalashtirish va xizmat ko‘rsatish mexanizmlarini tartibga solishga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq endi har yili mart oyi «Suvni tejash oyligi» bo‘lishi haqida xabar berilgandi. Bu davrda aholida suvni qadrlash va undan oqilona foydalanish madaniyatini keng targ‘ib qilish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.