
Toshkent xalqaro aeroportida xorijdan olib kelingan 4,4 kg «Mefedron» sintetik narkotik moddasi musodara qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Aeroportdagi tekshiruv
Ma’lum qilinishicha, «Bangkok – Sharja – Toshkent» aviareysi orqali O‘zbekistonga kelgan, 1994-yilda tug‘ilgan Qozog‘iston fuqarosining qo‘l yuklari aeroportda tekshiruvdan o‘tkazilgan. Tekshiruv davomida sakkizta turli shirinlik paketi va beshta plastmassa idish ichiga yashirilgan jami 4,4 kg «Mefedron» moddasi topilgan.

Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilgan. Chet el fuqarosi internetdagi narkotik do‘koni boshqaruvchisining ko‘rsatmasiga binoan moddalarni Toshkentdagi mehmonxonalardan birida Yangiyo‘l shahrida yashovchi, 2006-yilda tug‘ilgan shaxsga topshirayotgan vaqtida ikkinchi gumonlanuvchi ham qo‘lga olingan.
Qanday jazo qo‘llanildi
Tekshiruv davomida mahalliy fuqaroning yonidan pnevmatik pistolet ham topilgan va protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Har ikki shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi ikkinchi qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ularga «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» 32 sotix yer va 5 ming dollarlik soxta kadastr siri ochilgani haqida yozgan edi.