
Yangi tizim Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasidagi 13 ta chorrahani qamrab oldi. Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, yo‘lning ushbu qismida harakatlanish vaqti 20 – 30 foizgacha qisqaradi. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.
Toshkent shahrida transport oqimini tezlashtirishga qaratilgan ilk «Yashil to‘lqin» tizimi ishga tushirildi. Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lum qilishicha, loyiha Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasining To‘ra Buva masjididan Salom ko‘chasigacha bo‘lgan qismidagi 13 ta chorrahada joriy etilgan.
Svetoforlar bir-biriga moslashtirildi
Loyiha doirasida barcha chorrahalardagi svetoforlar o‘zaro sinxronlashtirildi. Tizim ertalab shahar markazi tomon harakatlanayotgan transport oqimi uchun, kechki vaqtda esa qarama-qarshi yo‘nalishda ishlaydi.
Yo‘lda harakatlanish vaqti qisqardi
Sinov natijalariga ko‘ra, To‘ra Buva masjididan Salom ko‘chasigacha bo‘lgan yo‘nalishda o‘rtacha harakatlanish vaqti 8,5 daqiqadan 6 daqiqagacha, ya’ni 29 foizga kamaygan.
Qarama-qarshi yo‘nalishda esa yo‘lni bosib o‘tish vaqti 10 daqiqadan 8 daqiqagacha qisqarib, 20 foizlik yaxshilanish qayd etilgan.
Haydovchilarga tavsiya
Markaz mutaxassislari tizim samarali ishlashi uchun haydovchilar 40 – 60 km/soat tezlik oralig‘ida harakatlanishi va yo‘l harakati qoidalariga qat’iy amal qilishi zarurligini ta’kidladi. Shu sharoitda aksariyat chorrahalardan svetoforning qizil chirog‘ida deyarli to‘xtamasdan o‘tish mumkin bo‘ladi.
Loyiha kengaytiriladi
Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lum qilishicha, kelgusida «Yashil to‘lqin» tizimini aqlli svetoforlar o‘rnatilgan Toshkentning boshqa ko‘chalarida ham joriy qilish bo‘yicha loyiha va hisob-kitob ishlari davom etmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Buyuk Ipak yoʻli» metrosi yaqinidagi chorrahada ikki qavatli yoʻl qurilishi haqida yozgandi.