
1-avgustdan boshlab ota-onalar farzandini o‘z mikrohududiga kirmaydigan boshqa maktabga joylashtirish uchun yangi ariza yuborishi mumkin. Bunday arizalar faqat tanlangan maktabda bo‘sh o‘rin mavjud bo‘lsa qabul qilinadi.
Ikkinchi bosqich boshlanmoqda
1-sinfga qabul jarayonining ikkinchi bosqichi 1-avgustdan boshlanadi. Bu bosqich farzandini o‘z mikrohududidan tashqaridagi maktabga bermoqchi bo‘lgan ota-onalar uchun mo‘ljallangan.
Ariza my.gov.uz portalidagi «1-sinfga qabul» xizmati orqali yuboriladi.
Avvalgi arizani bekor qilish shart emas
Birinchi va ikkinchi bosqichlar bir-biriga bog‘liq emas. Shu sabab avval topshirilgan ariza tizimda qolaveradi.
Ota-onalar yangi ariza yuborish uchun avvalgi arizasini bekor qilishi yoki o‘chirishi shart emas.
Ariza qanday yuboriladi
Ota-ona my.gov.uz portalidagi «1-sinfga qabul» xizmatiga kirib, farzandini tanlaydi va jarayonni qaytadan boshlaydi.
Ma’lumotlarni to‘ldirishda «Ariza topshirishning hududiy darajasi» maydonida «Tuman doirasida qabul» bandini belgilash kerak. Shundan so‘ng tizim mikrohududdan tashqaridagi hududni tanlash imkonini beradi.
Keyin bo‘sh o‘rin mavjud bo‘lgan kerakli maktab tanlanadi va ariza tasdiqlanadi.
Maktabga borish vaqti avtomatik belgilanadi
Yangi ariza tasdiqlangach, tizim maktabga borish vaqtini avtomatik belgilaydi. Bu haqda ota-onaga bildirishnoma yuboriladi.
Ijobiy javob olinganidan keyin farzandning hujjatlar to‘plamini yangi tanlangan maktabga shaxsan borib topshirish kerak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 9-sinf bitiruvchilari uchun texnikumlarga qabul boshlangani haqida xabar berilgandi. Joriy qabul doirasida 9-sinf bitiruvchilari 166 ta kasb-hunar yo‘nalishi bo‘yicha hujjat topshirish imkoniyatiga ega. Umumiy qabul kvotasi 202 657 tani tashkil etadi.