
27-iyul holatiga ko‘ra, tijorat banklarida amal qilayotgan mikroqarz va avtokreditlarning so‘nggi 10 ish kuni bo‘yicha foiz stavkalari e’lon qilindi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
Mazkur davrda mamlakatdagi tijorat banklari tomonidan taqdim etilayotgan avtokreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 21,4 foizdan 21,1 foizga tushdi. Shundan jismoniy shaxslarga ajratilayotgan kreditlarning (mikroqarz va kredit kartalaridan tashqari) o‘rtacha foiz stavkasi 22,5 foizni, yuridik shaxslar ulushi ham 22,6 foizni ko‘rsatmoqda.
Bunda eng past avtokredit stavkasi «BRB» tomonidan taklif etilgan bo‘lib, 18,1 foizni tashkil etdi. Bungacha ham eng kam foiz «BRB» (18,1%) tomonidan taklif qilingandi.
Xususan, eng kam foizli avtokreditlar quyidagi banklarda ham kuzatilmoqda:
- «BRB» – 18,1%;
- «Ipoteka-bank» – 18,4%;
- «Davrbank» – 19,4%;
- «Aloqabank» – 19,9%;
- «Garant bank» – 20,5%.

Eng yuqori avtokredit stavkasi:
- «Asia Alliance bank» – 25,2%;
- «Agrobank» – 25%;
- «Hamkorbank» – 24,6%;
- «Trastbank» – 24,4%;
- «Mikrokreditbank» – 23,9%.
Markaziy bank izohiga ko‘ra, avtomobil ishlab chiqaruvchilar yoki dilerlar bilan hamkorlik asosida beriladigan kreditlarda foiz stavkalari pastroq bo‘lishi mumkin. Shuningdek, avtokreditlar bo‘yicha stavkalar avtomobil turi, yoshi, boshlang‘ich badal miqdori va boshqa shartlarga qarab farq qiladi.
Mikroqarzlar
Mikroqarzlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi esa 29 foizdan 28,5 foizga pasaydi. Shundan jismoniy shaxslarga ajratilayotgan kreditlarning (mikroqarz va kredit kartalaridan tashqari) o‘rtacha foiz stavkasi 22,5 foizni, yuridik shaxslar ulushi ham 22,6 foizni ko‘rsatmoqda.
Bunda eng yuqori foiz stavkasi quyidagi banklarda qayd etilgan:
- «Anor bank» – 40,9%
- «AVO bank» – 39,9%;
- «Uzum bank» – 38%;
- «Tenge bank» – 37,4%;
- «TBC bank» – 35.

Eng past mikroqarz foiz stavkasi «Aloqabank» (22,7%) tomonidan taklif qilinmoqda. Bundan avval ham eng kam foiz stavkasi 22,8% bo‘lib, uni ham «Aloqabank» taklif etgandi.
Bundan tashqari, eng kam foizli mikroqarzlar quyidagi banklarda ham mavjud:
- «Aloqabank» – 22,7%;
- «Trastbank» – 23,6%;
- «Infinbank» – 24%;
- «Asia Alliance bank» – 24,2%;
- «Milliy bank» – 25,1%.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq banklar qaysi sohalarga ko‘proq kredit ajratayotgani haqida xabar berilgandi. 2026-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, tijorat banklari tomonidan iqtisodiyot tarmoqlariga yo‘naltirilgan kredit qo‘yilmalari bir yil ichida 12 foizga oshib, 642,8 trln so‘mni tashkil etdi. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, eng katta ulush jismoniy shaxslarga berilgan kreditlar hissasiga to‘g‘ri keldi.