
Soliq qo‘mitasi keshbek tizimidagi firibgarlik holatlarini aniqlashda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 30-iyul kuni Soliq qo‘mitasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida qo‘mitaning Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari departamenti direktori Farrux Axmedjanov ma’lum qildi.
Keshbek tizimida firibgarlik holatlari aniqlangan
Axmedjanovning aytishicha, keshbek tizimi bo‘yicha firibgarlik holatlari haqiqatan ham qayd etilgan. U ayrim fuqarolar xarid qilmasdan turib cheklar qo‘lga kiritilgani yoki cheklar bilan bog‘liq turli sxemalar ishlatilganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim Telegram kanallarida cheklarni sotish bilan bog‘liq guruhlar faoliyat yuritgani aniqlangan. Bunday holatlarda fuqarolar qo‘shimcha daromad olish maqsadida cheklardan noqonuniy foydalanishga uringan.
AI keshbek firibgarliklarini aniqlashda yordam beradi
Axmedjanovning aytishicha, sun’iy intellekt keyingi bosqichda aynan xavflarni aniqlashda qo‘llanadi. U cheklarning haqiqiy yoki soxta ekanini, shuningdek, elektron hisob-fakturalardagi shubhali holatlarni tahlil qilishda yordam berishi mumkin.
Bunday tizim, ayniqsa, millionlab cheklarni qisqa vaqt ichida ko‘rib chiqish uchun kerak. Chunki bunday hajmdagi ma’lumotni inson qo‘lda tahlil qilishi juda ko‘p vaqt oladi.
Yakuniy qarorni AI emas, soliq xodimi qabul qiladi
Farrux Axmedjanov sun’iy intellekt soliq xodimi o‘rniga qaror qabul qilmasligini alohida ta’kidladi. Uning aytishicha, AI faqat yordamchi vosita sifatida ishlaydi.
«Sun’iy intellekt hech vaqt inson uchun qaror qabul qilmaydi. U xodim uchun yordamchi funksiyasini bajaradi», — dedi u.
Uning tushuntirishicha, AI xodimning ishini yengillashtiradi, vaqtni tejaydi va samaradorlikni oshiradi. Biroq yakuniy harakat va qaror baribir soliq xodimi tomonidan qabul qilinadi.
Tizim soliq ma’muriyatchiligida ham qo‘llanadi
Soliq qo‘mitasi vakiliga ko‘ra, sun’iy intellekt soliq ma’muriyatchiligi jarayonlarida ham yordamchi vosita bo‘ladi. Masalan, xodim korxona faoliyatidagi kamchilikni ko‘rib turib, qanday choralar ko‘rish kerakligini bilmasa, AI unga mavjud ma’lumotlar bazasi va bilimlar asosida tavsiya berishi mumkin.
Shu orqali tizim keshbek, QQS va elektron hisob-fakturalar bilan bog‘liq xavflarni tezroq aniqlashga yordam beradi.
Eslatib o‘tamiz, qo‘mita avvalroq AI Soliq portalini ishga tushirdi. Unda AI Keshbek bo‘limi ham bo‘lib, u orqali fuqarolar keshbek bo‘yicha sun’iy intellekt yordami va tushintirishlar olishi mumkin.
Bundan oldin 1 foizlik soliq keshbeki bekor qilinishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish, fiskal tahlillar instituti direktorining o‘rinbosari Dilshod Sultonovning fikricha, fuqarolarning chek talab qilish madaniyati shakllanib bo‘lgan va endi tizimni saqlab qolish maqsadga muvofiq emas.