
Bugungi kunda O‘zbekistonda 157 ta milliy madaniy markaz va 46 ta do‘stlik jamiyati faoliyat yuritmoqda. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigida ma’lum qilindi.
Turli millat va elat vakillaridan iborat professional «Do‘stlik» ansambli tashkil etiladi. Davlat rahbari bayram tabrigida O‘zbekistondagi tinchlik va osoyishtalik, millatlar hamda dinlararo do‘stlik, bag‘rikenglik va hamjihatlik mamlakatning eng bebaho boyligi ekanini ta’kidladi.
«Turli millatga mansub yurtdoshlarimiz orasida o‘nlab deputat va senatorlar, davlat va jamoat arboblari, taniqli ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, san’at va sport namoyandalari, biznes vakillari munosib faoliyat ko‘rsatayotgani, ularning 2 ming nafarga yaqini Vatanimizning yuksak unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlangani mamlakatimizda hukm surayotgan ijtimoiy tenglik, adolat va inklyuzivlikning amaliy namunasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi», – deya qayd etdi davlat rahbari.

Ta’limdan media sohasigacha
Ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonlari yetti tilda olib borilmoqda. Qardosh tillarda ta’lim beradigan maktablar davlat hisobidan darslik va adabiyotlar bilan ta’minlanmoqda. Teleradiokanallarda 12 tilda ko‘rsatuv va eshittirishlar efirga uzatilayotgan bo‘lsa, gazeta va jurnallar 14 tilda nashr etilmoqda.
Prezident millatlararo munosabatlar sohasidagi islohotlarni rivojlantirish uchun 10 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganini bildirdi. Ular orasida Millatlararo munosabatlar sohasida davlat siyosati konsepsiyasi ham bor.
Shuningdek, Toshkentdagi «Yangi O‘zbekiston» bog‘i hududida «Bag‘rikenglik bog‘i», Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda esa etnik hamda sayyohlik qishloqlari tashkil qilingani qayd etildi. Turli millat vakillaridan qariyb 2 ming nafari O‘zbekistonning yuksak unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlangan.
«Hech qachon unutmaylik, xalqlar do‘stligi bu – muqaddas insoniy qadriyat, tinch, erkin va farovon hayot garovidir. Bugungi kunda barchamiz o‘zimiz, oilamiz, farzandlarimizning baxti, jonajon O‘zbekistonimizning taqdiri va kelajagi uchun yagona xalq, yagona jamiyat bo‘lib harakat qilayotgan ekanmiz, yuksak maqsadlarimizga albatta yetamiz», – ta’kidlagan Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» Mirziyoyev Qirg‘izistonga jo‘nab ketgani haqida yozgan edi.