
Raqobat qo‘mitasi reklama qonunchiligi buzilgani uchun «Elita Stroy Building» MChJ va «Glamur Gold» MChJga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qildi. Qo‘mitaga ko‘ra, ushbu kompaniyalarning qurilish majmualari elektron ro‘yxatga kiritilmagan bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilingan.
Qurilish obyektlarini reklama qilish tartibi bor
Prezidentning 2020-yil 27-maydagi qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, ulush kiritish asosida qurilish uchun mablag‘ jalb qiluvchi quruvchilar elektron ro‘yxatga kiritilishi kerak.
Quruvchi ushbu ro‘yxatga kiritilmagan bo‘lsa, uning qurilish obyektlarini reklama qilish taqiqlanadi.
Ikki kompaniyada qonun buzilishi aniqlangan
Raqobat qo‘mitasi o‘rganishlari davomida «Elita Stroy Building» MChJ va «Glamur Gold» MChJga tegishli qurilish majmualari elektron ro‘yxatga kiritilmaganini aniqlagan.
Shunga qaramay, ushbu turar joy majmualari ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilingani qayd etilgan.
Kompaniyalarga moliyaviy jarima belgilanadi
«Reklama to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, ishlab chiqarilishi yoki realizatsiyasi qonunda taqiqlangan, shuningdek, zarur sertifikat, litsenziya yoki maxsus ruxsatnomalarsiz realizatsiya qilinadigan tovarlarni reklama qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shu asosda Raqobat qo‘mitasining maxsus komissiyasi ikki kompaniyani qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan deb topdi va ularga nisbatan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qildi.
Qo‘mita kompaniyalarga qonunbuzilishi holatini to‘xtatish va kelgusida bunday holatlarni takrorlamaslik bo‘yicha ko‘rsatma ham bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yashnobodda aholi e’tiroz bildirgan qurilish bekor qilingandi. Endilikda mazkur hududda bolalar maydonchasi, sport maydoni va yashil hudud barpo etiladi.