Gadjetlar

Redmi K100 smartfonlarining taqdimoti qachon bo‘ladi

Redmi K100 smartfonlarining taqdimoti qachon bo‘ladi
Foto: Redmi

Redmi kompaniyasi yangi Redmi K100 turkumidagi smartfonlarini 31-iyul kuni Shanxayda o‘tkaziladigan ChinaJoy 2026 ko‘rgazmasida taqdim etishga tayyorlanmoqda. Qurilmalarning dastlabki tasviri rasmiy namoyishdan bir kun oldin e’lon qilindi.

Redmi mahsulotlar bo‘yicha menejeri Sun Tsun yangi tizer bilan taqdimot aynan Redmi K100 turkumiga bag‘ishlanishini tasdiqladi. Xiaomi rahbari e’lon qilgan boshqa suratda esa bo‘lajak smartfonlardan birining umumiy silueti ko‘rinadi. Biroq qurilmaning to‘liq dizayni va texnik xususiyatlari hozircha ochiqlanmagan.

Model haqida nimalar ma’lum

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yangi smartfonlar Snapdragon 8 Elite Gen 5 flagman protsessori bilan jihozlanadi. Avvalroq Geekbench sinov bazasida Redmi K100 Pro nomli qurilma paydo bo‘lib, bir yadroli testda 3 429 ball, ko‘p yadroli sinovda esa 10 461 ball qayd etgan edi.

Taxminlarga ko‘ra, Redmi chiplar va xotira komponentlari narxi oshayotgan bir paytda smartfonlar qiymatini raqobatbardosh darajada saqlab qolish uchun Snapdragon 8 Elite Gen 5 platformasini tanlagan.

Bozorga dastlab Redmi K100 Pro va K100 Pro Max modellari chiqarilishi kutilmoqda. Turkumning standart Redmi K100 versiyasi esa keyinroq taqdim etilishi mumkin. Smartfonlarning narxi, kamera imkoniyatlari, batareya sig‘imi va sotuv boshlanadigan sana 31-iyuldagi taqdimotda ma’lum qilinishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Redmi Note 17 Pro Max global bozorga qachon chiqishi haqida yozgan edi.