Yangiliklar

Salar kanalini ifloslantirgan MChJ 2,2 mlrd so‘m to‘laydi

Tekshiruv davomida «B.B.» MChJ ko‘p qavatli turarjoy binosini qurish jarayonida shaharning oqova suv tarmog‘iga tegishli quvurga zarar yetkazgani aniqlangan
Salar kanalini ifloslantirgan MChJ 2,2 mlrd so‘m to‘laydi
Foto: Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi

Toshkentning Yakkasaroy tumanida Salar kanaliga oqova suvlarni noqonuniy tashlagan qurilish kompaniyasiga 2 mlrd 220 mln so‘mdan ortiq kompensatsiya to‘lovi hisoblandi. Bu haqda Toshkent shahar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi xabar berdi.

Holat Shota Rustaveli ko‘chasida olib borilayotgan qurilish ishlari vaqtida oqova suv quvuri shikastlangani va chiqindilar Salar kanaliga sizib chiqayotgani haqidagi murojaat ortidan o‘rganilgan.

Tekshiruv davomida «B.B.» MChJ ko‘p qavatli turarjoy binosini qurish jarayonida shaharning oqova suv tarmog‘iga tegishli quvurga zarar yetkazgani aniqlangan. Quvurning bir qismi o‘pirilib tushishi natijasida to‘planib qolgan suyuq chiqindilar hech qanday tozalashdan o‘tkazilmasdan, maxsus nasoslar yordamida to‘g‘ridan to‘g‘ri Salar kanaliga chiqarilgan.

Olingan namunalarning laboratoriya tahliliga ko‘ra, oqova suv tarkibidagi neft mahsulotlari belgilangan me’yordan 5,02 baravar, ammoniy azoti 43,5 baravar, kimyoviy kislorodga bo‘lgan talab 4,9 baravar, muallaq moddalar esa 13,6 baravar yuqori bo‘lgan. Suyuq chiqindilar to‘plangan tuproq tarkibida ham neft mahsulotlari qoldiqlari aniqlangan.

Qanday choralar ko‘rilgan

Toshkent shahar kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, jami 63 936 kub metr suyuq chiqindi hech qanday ruxsatsiz Salar kanaliga tashlangan. Suv resurslariga yetkazilgan zarar uchun kompaniyaga 2 mlrd 160 mln 13 ming 824 so‘m kompensatsiya hisoblangan.

Oqova suvlar oqibatida yer va tuproqning ifloslangani uchun yana 60 mln 27 ming 81 so‘m kompensatsiya belgilangan. Natijada «B.B.» MChJ to‘lashi lozim bo‘lgan umumiy summa 2 mlrd 220 mln 40 ming 905 so‘mni tashkil etdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan yorilgan quvurdagi kanalizatsiya suvi ushbu kanalga oqizib yuborilgani haqida yozgan edi.